Yangiliklar
Energetika yo‘nalishidagi yirik loyihalarda elektrotexnika korxonalari bilan kooperatsiya va hamkorlik aloqalari muhim
  • 19.09.2024
  • 40

Kecha, 18-sentabr kuni Energetika vazirligi hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamkorligida “Energetika yo‘nalishidagi yirik loyihalarda elektrotexnika sanoati korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash” mavzusida loyiha tashabbuskorlari hamda energetika tizimi korxonalari o‘rtasida Ko‘rgazmali uchrashuv tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 5-sentyabr kuni “Elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiya oqimini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlik yo‘nalishlarida elektrotexnika mahsulotlariga bo‘lgan talab kun sayin oshib borayotganligi sababli vazirlik va idora rahbarlari oldiga mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib, Energetika vazirligi hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmali davra suhbatida kabel-sim, quyosh panellari, kuchlanish qurilmalari va boshqa qurilish uchun zarur elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 dan ortiq yirik tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Uchrashuvda respublika bo‘ylab energetika tarmoqlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar doirasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinar ekan, bu yo‘nalishdagi xususiy sherikchilik loyihalarida mahalliy tovarlar ulushini 25 foizga, kabel-o‘tkazgichlarda esa 70 foizga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Jumladan, “Masdar”, “ACWA Power” va “China Gezhouba Group” bilan 2023-2024 yillarda qiymati 30 million dollarlik sharnomalar tuzilib, bugungi kunga qadar 26,4 million dollarlik mahsulotlar yetkazib berilgan. Bu esa, kelgusi yillarda 100 million dollarlik importni optimallashtirishga erishilishini ko‘rsatmoqda. Ammo bu bilan ishlar to‘xtab qolmasligi, ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotganligi, hali tizimda qator muammolar mavjudligi ta’kidlab o‘tildi.

Bugungi kunda energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda. Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilyapti. Shunga asoslanib, davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalar bo‘yicha “mahalliy kontent”ni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar tahlil qilindi. Yirik loyihalarning qurilishi uchun zarur bo‘lgan kabel-sim mahsulotlari, quchlanish qurilmalari, quyosh panellarini mahalliy korxonalar bilan shartnoma tuzgan holda yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi. Loyiha tashabbuskorlarining talab va istaklari tinglandi.

Shuningdek, uchrashuvda tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va bu orqali import mahsulotlarini qisqartiriishga erishilish ta’kidlab o‘tildi.

Ko‘rgazmada 400 ga yaqin mahalliy mahsulotlarning analog import mahsulotlaridan afzalligi, tannarxi hamda xalqaro standartlarga javob berishi kabi imkoniyatlari tushuntirildi.

 

Energetika vazirligi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Axborot xizmati.

Manba: https://gov.uz/oz/minenergy/news/view/22021

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>