Joriy yil 23-oktabr kuni «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida Energetika vazirligi hamda qator xalqaro moliya institutlari ishtirokida O‘zbekiston energetika sektorini yanada isloh qilishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Energetika vaziri, Moliya vaziri o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari, shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbarlari ishtirok etishdi.
Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlar, xususan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati hamda boshqa vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda kelgusida O‘zbekiston energetika sohasiga, shu jumladan elektr energetika tarmog‘iga ham davlat-xususiy sherikchilik tizimi asosida bozor qoidalarini joriy etilishi haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbirda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, qator xalqaro yuridik va auditorlik kompaniyalari vakillari, shu bilan birga xalqaro ekspertlar va maslahatchilar darva suhbati muhokamalarining onlayn ishtirokchilari bo‘lishdi.
Davra suhbati davomida elektr energetika va neft-gaz tarmoqlarini yanada isloh qilish bo‘yicha Tavsiyalar va Yo‘l xaritalari muhokama qilinib, ularning amaliyotga tatbiq etilishi Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining xalqaro ekspertlari va maslahatchilari ishtirokida amalga oshirilishi alohida ta'qidlandi.
Ekspertlar tomonidan ta'kidlanganidek, energetika sektorida bunday keng ko‘lamli islohotlarning amalga oshirilishi korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, bozor mexanizmlariga o‘tish, iste'molchilarga arzon va kafolatlangan elektr energiyasi va gaz yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi xizmatlar sifatini oshirish, energetika sanoati barqarorligiga erishish, energiya resurslarini samarali ishlab chiqarish va ulardan foydalanish imkonini beradi.
Muhokamalar davomida davlat energetika korxonalarini xususiylashtirish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tildi. Xalqaro maslahatchilar liberallashtirish har doim ham xususiylashtirishni anglatmaydi, bunga puxta yondashish, birinchi navbatda, buning uchun zarur Qonunchilik bazasini yaratish zarurligini alohida ta'kidladilar.
Xalqaro moliya institutlari vakillari energetika sohasida taklif etilayotgan islohotlarni amalga oshirishda kelgusida texnik yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Batafsil: O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati http://minenergy.uz/uz/news/view/879
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati