Yangiliklar
uza.uz — Dadajon ISAQULOV:“O‘zbekiston “Yashil” energetika sohasida Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi”
  • 28.08.2024
  • 58

Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz

Keyingi olti-yetti yil orasida mamlakatimiz energetika sohasida salmoqli ishlar qilindi. Qator quyosh, shamol, gidro hamda issiqlik elektr stansiyalari ishga tushirildi va ishlab chiqarish imkoniyatlari kengaytirildi. 

Shu bilan birga, stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, podstansiyalar faoliyati ana shu talablar asosida modernizatsiya qilindi, yangi tarmoqlar tortildi.

Albatta, bu kabi ishlarni amalga oshirishda ushbu tizim jamoasining hissasi beqiyosdir. Joriy yilning 24 avgust kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan iqtisodiy sohalar vakillari qatorida bir guruh energetiklar ham davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlandi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov ham Prezidentimiz farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. Ayni quvonchli xabar bizni tajribali energetik Dadajon Isaqulov bilan  suhbatlashishga undadi.

– Dadajon Aynaqulovich, sizni ushbu yuksak mukofot bilan O‘zA jamoasi nomidan tabriklaymiz. Sohada ulkan ishlar bajarildi. Biroq bu bilan maqsadga erishildi, deb bo‘lmaydi. Hali tizimda qilinajak ishlar talaygina, shunday emasmi? 

– Tabrik uchun tashakkur! Bu birgina menga emas, butun jamoamizga berilgan mukofot, deb bilaman. Aslida bu orden, ya’ni yuksak e’tirof bilan birga, bir olam mas’uliyat ham yuklaydi. Boshqacha aytganda, bu Prezidentimiz, xalqimiz tomonidan bildirilgan ishonchdir. Ana shu ishonchni oqlash uchun nafaqat men, balki butun jamoamiz, qolaversa, mamlakatimiz barcha energetiklari yanada samarali mehnat qilishimiz kerak.

Energetika sohasi hamisha oldinga harakat qiladi. Yurtimizda energetika barqarorligi uchun juda ko‘p ish qilindi, qilinmoqda va qilinishi kerak. Hurmatli yurtboshimizning sohani rivojlantirish uchun katta e’tibor berayotgani, keng ko‘lamli investitsiya loyihalari yuzasidan imzolagan qarorlari, berayotgan ko‘rsatmalari biz uchun dasturilamal. Iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi, ayniqsa, yirik sanoat korxonalari hamda kichik va o‘rta biznesning rivoji – mamlakatimizda energiya resurslariga, jumladan, elektr energiyasiga bo‘lgan talabni keskin oshirib yubordi. Bu ko‘rsatkichlarga aholimiz soni va turmush darajasi oshib borayotgani ham ta’sir qilgani rost. Birgina elektr energetika tarmog‘ida, xususan, ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash tarmoqlarida ulkan ishlar amalga oshirildi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishidagi ishlarimiz Markaziy Osiyo davlatlari ichida yetakchi, desam xato bo‘lmaydi. Buning barchasi mablag‘, vaqt, bilim-malaka talab etadi, shu bilan birga, puxta loyihalashtirish va rejalashtirish, sifatli qurilish hamda to‘g‘ri ekspluatatsiya, innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish kabi yo‘nalishda doimiy izlanishga undaydi.

– Soha haqida so‘z ketganda, aksariyat hollarda yutuqlar sanab o‘tiladi. Biroq hali yechilmagan muammolar va kamchiliklar ham talaygina. Ana shu muammolar va kamchiliklar yechimini nimalarda ko‘rasiz?

 Ish bor joyda kamchilik doim bo‘ladi. Kamchilik bor joyda, bilingki, ijobiy o‘zgarishga intilish, harakat qilinmoqda. Hech bir energetika tizimi favqulodda yirik yoki kundalik mayda texnik-muhandislik muammolari bo‘lmasligidan sug‘urtalanmagan va kafolatlanmagan. Elektr energiyasi ishlab chiqarilgandanoq iste’mol qilinadigan mahsulotning alohida turi hisoblanadi. Masala – o‘sha kamchilik va vaqtinchalik muammolarni o‘z vaqtida hal etish, ularning sonini kamaytirib borishga intilishda. Aynan bizning tashkilot iste’molchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlamaydi, ular bilan hisobdorlik yuritmaydi. Biz ayni ishlab chiqaruvchilar va taqsimlovchi tarmoq korxonalari orasidagi o‘rta bo‘g‘in tashkilotimiz. Asosiy vazifamiz – elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish, yangi generatsiya quvvatlaridan qabul qilingan elektr energiyasini hududlarga yetkazib (uzatib) berishdir.

Men nafaqat Markaziy Osiyo, balki MDH davlatlari, hatto dunyoning ilg‘or mamlakatlari energetika tizimini o‘rganib boraman. Ko‘rib tahlil qilganlarimdan tashqarisini adabiyotlardan, matbuot va ijtimoiy tarmoqdan o‘qib boraman. Hozirda ma’lum ma’noda energetika barqarorligiga erishgan mamlakatlarning aksariyati biz bosib o‘tgan yo‘lni o‘tgan. To‘g‘ri, turlicha muddat, turli iqtisodiy va iqlim sharoitida.

Mustaqilligimizga 33 yil to‘lgan bo‘lsa, so‘nggi 8 yil ichida energetika sohasida jiddiy loyihalar amalga oshirildi. Boshqa yo‘nalishlardagi ishlar haqida hammamiz o‘qib-bilib, ko‘rib boryapmiz. Men magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha bir ma’lumotni ayta qolay. Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining o‘zida 2017 yildan joriy yilgacha 7000 megavolt/amperdan ziyod qo‘shimcha quvvatlar yaratildi. Mustaqillikning dastlabki chorak asrida bu ko‘rsatkich 700 megavolt/amperdan oshmagan. E’tibor bering, bitta texnik-muhandislik ko‘rsatkichi bo‘yicha 25 yilda amalga oshirilgan ish hajmidan o‘tgan 7-8 yilda 10 karra ko‘p ish bajarilgan, ya’ni qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilgan. Yurtimizga elektr tarmoqlari kirib kelgandan to 2016 yilgacha yuqori kuchlanishli podstansiyalar soni 75 ta bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda ularning soni 89 tani tashkil etadi. Yangi, zamonaviy, raqamli dasturlarda ishlaydigan podstansiyalar soni oshib bormoqda. Liniyalarimiz uzunligi qariyb 25-30 foizga oshdi. Ammo hali eskirgan uskuna-jihozlarimiz ko‘p. Ular bosqichma-bosqich yangilanib, tarmoqqa yangi energetika ob’ektlari qo‘shib borilmoqda. Bularning barchasi iste’molchilar, iqtisodiyot tarmoqlari uchun.

– Shu o‘rinda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan ishlarga ham qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz. Ulardan asosiysi qaysilar?

– Uzun hisobot bo‘lmasligi uchun amalga oshirilgan loyihalar nomi va samarasiga qisqacha to‘xtalib o‘taman. Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 364 kilometr uzunlikda 220 kilovolt kuchlanishli Taxiatosh-Xorazm-Sarimoy liniyasi qurildi va “Sarimoy” podstansiyasi ishga tushirildi. “Xorazm” podstansiyasi quvvati 150 megavolt/amperga oshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Beruniy tumanida “Beruniy” podstansiyasining quvvati 125 megavolt/amperga oshirilib, 2-bosqichi ishga tushirildi. Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida 58 kilometr uzunlikda 220 kilovolt kuchlanishli elektr tarmog‘i qurildi va quvvati 250 megavolt/amper bo‘lgan yangi “Amir-Temur” podstansiyasi ishga tushirildi.

Xuddi shu kabi ishlar Toshkent viloyatida ham amalga oshirildi. Masalan,  uzunligi 46 kilometr bo‘lgan 220 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i qurildi hamda quvvati 400 megavolt/amper bo‘lgan “Sirg‘ali” podstansiyasi ishga tushirildi. Bu podstansiya yangi ishga tushirilgan sanoat korxonalari va Toshkent shahri hamda viloyatining bir qismi iste’molchilari elektr ta’minoti ishonchliligi uchun xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Shahrixon tumanida uzunligi 28 kilometr bo‘lgan 220 kilovolt kuchlanishli elektr tarmog‘i qurilib, to‘la quvvati 250 megavolt/amper bo‘lgan “Saroy” podstansiyasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, 4800 megavatt generatsiya quvvatlarini tarmoqqa ulash uchun 188 kilometr uzunlikda elektr uzatish tarmog‘i qurildi va 4 ta podstansiya ishga tushirildi hamda 5 ta podstansiya rekonstruksiya qilindi. Shundan 2400 megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari generatsiyasi hisoblanadi.

Misol uchun, Aksa-Toshkent, Buxoro, Odash-Xorazm, "Acwa Power", Tutli, Karmana, Ishtixon, Sherobod, Ko‘kbuloq, Nishon, Qorovulbozor, Yuqori Chirchiq kabi issiqlik, quyosh, shamol elektr stansiyalari loyihalari ishga tushirildi. Barcha hududlarda, xususan, Toshkent shahrida ham jami 22 ta yuqori kuchlanishli podstansiya to‘liq modernizatsiya qilindi hamda podstansiyalar quvvati, yuqorida aytganimdek, 7040 megavolt/amperga oshirildi.

Yana bir muhim ko‘rsatkich – Tojikiston bilan parallel ish rejimiga o‘tildi. Buning uchun 64 kilometr uzunlikda 500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i qurilib, 4 ta podstansiyada himoya va avtomatika panellari modernizatsiya qilindi. Jizzax viloyati Forish tumanida quvvati 500 megavolt/amper bo‘lgan “Zafarobod” podstansiyasi qurildi.  Bu mamlakatimiz tarixida birinchi raqamli dasturlar asosida ishlaydigan zamonaviy podstansiyadir. Shuningdek, Jizzax viloyati Zomin tumanida quvvati 250 megavolt/amper bo‘lgan “DNS-2” deb nomlangan podstansiya qurildi. Bu ishlar investitsiya hamda modernizatsiya-rekonstruksiya dasturlari asosida olib borildi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati balansidagi 89 ta podstansiya hamda 12 ming 250 kilometrdan ortiq 220-500 kilovolt kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlarida yiliga 70-80 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib beriladi. Asosiy ish ko‘rsatkichimiz ham shu, ya’ni generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini barqaror uzatish hamda elektr energiyasining xalqaro tranzit masalasiga mas’ulmiz. Ekspluatatsiya jarayoni  kecha-yu kunduz, to‘rt faslda, turli ob-havo sharoitida uzluksiz bajarilishi kerak bo‘lgan murakkab jarayondir.

– Dadajon Aynaqulovich, bajarilgan va bajarilayotgan ish jarayonidan bevosita mehnat faoliyatingizga ko‘chsak. Siz uchun energetika sohasini tanlash qiziqishmi yoki sulola tanlovimi? Umuman, oilangiz, ota-onangiz, qiziqishlaringiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Tashkilotimizda Yoshlar ittifoqi yetakchilari o‘tkazgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida shunaqa savollarni ko‘p berishgandi. Tanlovga kelsak, bu sulolaga bog‘liq emas, aksincha, qiziqishdir.

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tug‘ilganman. 1985 yilda Toshkent politexnika institutining energetika fakultetini tamomladim. Ko‘p bolali oilada, mehnat qilib katta bo‘lganmiz. Maktabda yaxshi o‘qirdim. Ota-onam oddiy qishloq xo‘jaligi xodimlari bo‘lgan. Maktabni bitirayotgan yillarim otamga yordam berganman va shu yo‘nalishga, “Selxoztexnika” deb atalgan tashkilotga muhandis bo‘lib ishga kirganman. Ishxonamizga elektriklar yangi uskuna o‘rnatayotganda yordamlashib, so‘ng ularning taklifi bilan tuman elektr tarmoqlari korxonasiga ishga kirganman. Qarang, muhandisdan oddiy elektr montyori bo‘lib o‘tganman. Oradan bir necha yil o‘tib, 27 yoshli yigitcha Bo‘ka tumani elektr korxonasiga rahbar bo‘lganman. Saylov bo‘lib, hamkasblarim shuncha tajribali xodimlar turganda menga ovoz berishgan.

Xullas, energetika sohasida oddiy elektr montyorlikdan “O‘zbekenergo” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim. Qisqa muddat “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i bo‘lib ishladim. 2019 yildan buyon “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisiman. O‘z ustimda ko‘p ishlayman, hanuz o‘qiyman, o‘rganaman. MDH davlatlari energetiklari ayrim masalalarni men bilan maslahatlashadi. Shu bilan birga, kecha oliygohni tamomlab kelgan yosh kadrdan biror nima o‘rganishdan uyalmayman. Hayot o‘qish-izlanish, tajriba orttirishdan iborat.

1996 yilda o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi elektr tarmog‘i korxonasi” ko‘rik-tanlovida ishtirok etgan 199 ta tuman ichida men rahbarlik qilgan Bo‘ka tumani 1-o‘rinni olganini faxr bilan eslayman. 2004 yilda “Chorvoq” gidroelektr stansiyasini “Toshkent” podstansiyasi bilan bog‘lovchi 8,3 kilometr uzunlikdagi 220 kilovolt kuchlanishli tarmoqni ishga tushirish tashabbusi bilan chiqib, natijada har yili suvni salt (samarasiz) chiqarib yuborishning oldini olishga qo‘shgan hissamdan quvonaman. Iqtisodiyotning men duch kelmagan, o‘rganmagan soha yoki yo‘nalishi qolmagan hisob. Yurtimizning har bitta energetika ob’ekti bilan yaqindan tanish bo‘lgan energetikman, desam mubolag‘a bo‘lmas.

Oilaliman, 4 nafar farzandim, bir etak nevaralarim bor. 2018 yil 2 noyabr sanasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Energetika kengashi tomonidan «MDHning xizmat ko‘rsatgan energetigi» yuksak nishoniga sazovor bo‘ldim. Joriy yilda Qozog‘iston elektr energetika assotsiatsiyasining «Xizmat ko‘rsatgan energetik» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Prezidentimiz kamtarano xizmatlarimni inobatga olib davlat mukofotiga munosib ko‘rganidan xursandman. Ko‘pchilik qatori xalqimiz xizmatidaman.

– Suhbatimiz yakunida yoshlarga aytar so‘zingiz, umuman, katta shodiyonalar arafasida xalqimizga qanday tilaklar bildirishni istaysiz?

– Yoshlarga faqat ilm olish, bilim-tajriba orttirishda doim chanqoq bo‘lishni tilayman. Bizning yoshligimizda hozirgiday shart-sharoit va imkoniyatlar deyarli yo‘q edi. Ko‘p narsa insonning o‘ziga bog‘liq! Taqillatilgan eshik ochilmay qolmaydi. Turli to‘siq va qiyinchiliklar insonni pishitib boradi, mutaxassislarni esa turli kutilmagan holatlar tajribali xodim bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Har bir ishda muvozanat bo‘lishi kerak. Ortiqcha yoki kam bo‘lgan ish baribir o‘z kuchini ko‘rsatadi.

Jamoamiz bilan o‘nlab yirik loyihalar ustida ishlamoqdamiz. Mutaxassislar bilim saviyasini oshirib borishga harakat qilaman. Energiya samaradorligi va tejamkorligi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar yaratilishida ishtirok etgan mutaxassis sifatida bu boradagi taklif va tashabbuslarni ilgari surib turaman.

Yurtimiz tinch bo‘lsin, xalqimiz omon bo‘lsin! Mamlakatimiz rivoj topib, shu taraqqiyot yo‘liga bilimini, vaqtini, hayotini tikkan barcha-barchaning omadini bersin! Fursatdan foydalanib barcha vatandoshlarimizni Mustaqillikning 33 yillik shodiyonasi bilan qutlayman!

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.

 
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>