Bugunning gapi
Ayni qish chillasida yangi muammolarni ko‘ndalang qo‘ymoqda
Zukko mushtariy darhol tushunib yetdi, deb o‘ylayman. Necha yillardirki, shiddatkor fasl — qish oldimizga issiqlik ta'minoti bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi.
Qars ikki qo‘ldan chiqadi
Aslida, muammo faqatgina shu yildan paydo bo‘layotgani yo‘q. Har yili isitish mavsumi boshlanishi bilan tabiiy gaz, issiqlik va ichimlik suvi, elektr quvvati ta'minotida uzilishlar paydo bo‘lib, oldimizga jiddiy muammolarni qo‘yishi bor gap. Bu holat davom etayotganligiga ancha yillar bo‘ldi. Yaqin orada biron-bir qish faslining muammosiz, talofatsiz o‘tganini eslaysizmi? Har safar yuqoridagi muammolar yanada keskin va o‘tkir holatda oldimizda paydo bo‘laveradi.
Mavsumga tayyorgarlik ishlari hattoki yoz mavsumidan boshlanishini va uzoq davom etishini yaxshi bilamiz. Har bir soha mutasaddilari mavsumga tayyorgarlik yuzasidan shunday hisobotlar tayyorlashadiki, go‘yoki hyech bir muammoga o‘rin qolmagandek tuyuladi. Ochig‘i, mutasaddilarning va'dalarga qorishib hisobotlarga endilikda ishongimiz kelmay qo‘ydi. Negaki, mavsum boshlanishi bilan tanish manzaralar paydo bo‘laveradi: qaerdadir tabiiy gaz bosimi keskin pasayib ketadi, boshqa joyda elektr quvvati ta'minotidagi eski muammolarga yana duch kelamiz, xullas, eski hammom — eski tosga “hamroh” bo‘laveramiz!
Bu muammolarning kuchayib borayotganligi ishlab chiqaruvchi va iste'molchi o‘rtasidagi muomala-munosabatlarning aniq tamoyili ishlab chiqilmaganligidan dalolat beradi. To‘g‘ri, mamlakatimizda har bir sohaning taraqqiyoti uchun qonuniy-huquqiy dasturlar ishlab chiqilgan. Taraqqiyotning galdagi yo‘nalishini belgilab beruvchi shunday umidbaxsh dasturlarimiz borki, beixtiyor ertangi kunga qalbingizda ishonch mustahkamlanayotganini his etasiz. Bu ishonch negadir ikki taraflama mustahkamlanmayotganligi muammoning bosh sababchisi emasmi?
Ishlab chiqaruvchi ta'minotchi va iste'molchi munosabatlarini zamon talablari va xalqaro o‘lchovlarga muvofiq tashkil etmas ekanmiz, muammo ildizini iste'molchi ta'minotchidan ta'minotchi esa iste'molchidan qidiraverishi davom etaveradi. Bu yilgi murakkab sharoitda bu ikki tizim o‘rtasida muallaqlik borligiga guvoh bo‘layapmiz. Mutasaddilar muammoni chuqur o‘rganib, hal etish uchun vaqt va katta mablag‘ zarurligini, qulay sharoit lozimligini takrorlashdan charchashmayapti. Tabiiy gaz, elektr quvvati, issiqlik ta'minoti tizimidagi mutasaddilar keyingi paytlarda iste'molchi — xalqqa yaqinlashgandek bo‘lib turibdi. Hatto ular bilan “Ishonch telefoni” orqali istagan paytda bog‘lanish imkoniyati yaratilgan. Lekin muammoni hal etish imkoniyati yaratilmayapti.
Iste'molchi va ta'minotchi o‘zining mas'uliyatini his etib, ta'minot va to‘lov tizimini vijdoniy burchi, qonuniy vazifasi, deb bilmas ekan, muammolarimiz “yashayveradi”. Iste'molchi to‘lov va tejamkorlik talabiga qonuniy bo‘ysunsa, ta'minotchi esa iste'molchi oldidagi burchiga sodiq bo‘lsa, muammoning yechimi topilgan bo‘lardi.
O‘zimiz tejamkor bo‘lmasak...
Kommunal sohaning har bir jabhasida tejamkorlik tizimi qat'iy yo‘lga qo‘yilmas ekan, muammolar ildiz otaveradi.
Tan olaylik, iste'molchi sifatida oddiy xonadonlarimizda ham tejamkorlikka jiddiy e'tibor qaratmaymiz. To‘g‘ri, “aqlli hisoblagich”lar o‘rnatilgach, tejamkorlik muammosi bir oz hal etilgandek, tuyuladi. Yaqin-yaqingacha tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr quvvati iste'molida ta'minotchilar tomonidan “o‘ylab topilgan” qarzlar paydo bo‘laverardi. Uning tagiga yetish uchun qancha asabbuzarliklar bo‘lib o‘tganligini bir ko‘z oldingizga keltiring-a!
Oddiy hisoblagichlardan foydalanilgan davrda osmondan tushgan qarzlarga deyarli har bir iste'molchi duchor bo‘lardi. Bugungi kunda ham o‘zimizning e'tiborsizligimiz oqibatida ana shunday holatlar yuzaga kelmoqda. Yaqinda “uyimizda tabiiy gaz hyech qachon o‘chmaydi”, deb maqtanadigan tanishimning uyida bo‘lganimda eski holatga duch keldim: oshxonada to‘rt “ko‘zli” gaz asbobining “ikki ko‘zi” “yonib” turardi. Tanishimga bir hazil qilmoqchi bo‘ldim-u, tilimni tiydim. Bu holat hozir tabiiy gaz porlab turgan ko‘pgina xonadonlarda kuzatilmoqda. Foydalanib bo‘lgach, asbobni o‘chirishga e'tibor qaratmaymiz. Ko‘pincha qayta gugurt chaqishga ham erinish oqibatida shunday isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Qish pallasida tashqaridagi ichimlik suvi jo‘mragi muzlab qolmasin, deb suvni ochiq qoldiramiz. Faqatgina... elektr quvvatidan foydalanishda bunday isrofgarchilik kamroq ko‘zga tashlanadi. Bu gaplar kimnidir tartibga chaqirish uchun o‘ylab topilgan pand-nasihat emas. Aksincha, o‘zimiz tejamkor bo‘lmas ekanmiz, suvning ham, elektr quvvati va tabiiy gazning ham bir kun kelib oxiri ko‘rinib qolishi turgan gap.
Muammo va Prezident taklifi
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga qilgan murojaatnomasida hozir ko‘pchilikni qiynayotgan ushbu muammmoni hal etishning eng maqbul yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Darhaqiqat, bugun energiya ta'minotini eskicha usulda amalga oshirib bo‘lmaydi. Qolaversa, bu muammo butun dunyoni qamrab olmoqda. Shunday ekan, mamlakatimizda ham energiya hosil qilishning kamxarj, noan'anaviy usullaridan keng foydalanish zarur. Tejamkorlik bobida ham aytarli samaradorlikka erisholmayapmiz. Prezident ta'kidlaganidek iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan ikki barobar yuqori. Nega shunday, degan savol tug‘iladi. Tan olaylik, ishxonada ham, uyda ham, ko‘chada ham energiya resurslarini tejash haqida o‘ylash xayolimizga ham kelmaydi. Bu fikrning isboti sifatida yuqorida tilga olingan voqyealarni eslashning o‘zi kifoya. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek uy, ishxona, maktab va ko‘chalarda odamlarimizga energiyaning qadriga yetish, uni tejashni o‘rgatish kerak. Qonunlarimizda ham bu masalalarni mustahkamlash kerak, deya bong urayotganida olam-olam ma'no bor.
Mamlakatimizda muqobil energiya hosil qilish tizimiga garchi, kech bo‘lsa-da, kirishilganligi ertangi kunga umid uyg‘otadi. Hozirgacha bir qator viloyatlarda quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi, bir nechtasi qurilishi davom etmoqda. Prezident har bir tuman va shahar hokimiga o‘z hududidagi ijtimoiy soha ob'ektlariga, xonadon va korxonalarda qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirish vazifasini topshirdi. Shuningdek, bu sohaga 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinib, iste'molchilarga yetkazib berilayotgan energiya miqdorini 60 foizga yetkazish vazifasi ham ko‘ndalang qo‘yildi. Eng muhimi, shamol va quyoshdan energiya oladigan uskunalar ishlab chiqadigan korxonalar sonini oshirish maqsadida xorijdan investorlarni jalb qilish lozimligi Prezidentimiz tomonidan alohida ta'kidlandi.
Bu boradagi amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Muammoni hal etishga hissa qo‘shish niyatida bo‘lgan korxona va tashkilotlar, ko‘plab xonadonlarda ham “yashil energiya” tarmog‘ini yaratishga kirishildi. Bu boradagi ishlarni kelgusida olis tuman qishloqlarda izchil davom ettirish qishki-kuzgi mavsumda vujudga kelishi lozim bo‘lgan muammolarga barham beriladi.
Quvondiq XALILOV
Manba: http://www.samarkandnews.uz/post/9291
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati