OAV va jamoatchilik bilan ishlash
kun.uz — Energetika vaziri - cheklovlar, blekaut, gaz taqsimoti va xususiylashtirish haqida
  • 09.12.2022
  • 354

Energetika vazirligi vazir Jo‘rabek Mirzamahmudovning aholidan kelib tushgan qator savollarga videojavoblarini taqdim etdi. Kun.uz savol-javoblar orasidan ayrimlarini keltirib o‘tadi.

 

— O‘zbekistonda atom elektrostansiyasi qurilsa, elektr energiya yetishmovchiligi qay darajada bartaraf etiladi?

— Hozirda biz rejalashtirgan, muzokara olib borayotgan AESning quvvati 1200 megavattlik ikkita energoblokdan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan. 2400 megavatt quvvatga ega AES bir yilda 18 mlrd kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish va uning asosiy qismini elektr tarmoqlariga uzatish imkoniyatini beradi. Bu – hozirgi kundagi iste’molning 20-22 foiziga teng bo‘lsa, talab o‘sishi va AES qurilishi muddatini inobatga olganda o‘sha vaqtdagi iste’molga nisbatan 10-15 foizini tashkil etishi mumkin.

— Aholida elektr iste’moli oshishini hisobga olganda, mamlakatda yana takroran “blekaut” bo‘lish xavfi bormi?

— Blekaut bu texnologik holat, bunday xavf doim bor. Buni inkor qilish kerak emas. Chunki energiya tizimimiz qo‘shni mamlakatlar bilan integratsiyalashgan.

Shuni inobatga olgan holda biz yanvar oyidagi blekautdan tegishli saboqlar chiqargan holda birinchi o‘rinda avtomatik o‘chirish qurilmalari, avariyaviy holatlarning oldini olish tizimlari, markaziy dispetcherlik tizimi tashkil qilindi. Cheklovlar kiritilayotganining ham asosiy maqsadi ham nazoratli o‘chirib, blekaut holatining oldini olishdir. Agarda shunday cheklovlar kiritilmasa, albatta, bu energotizimning izdan chiqishi va blekautga olib kelish ehtimolini keltirib chiqaradi.

Toshkent shahridagi xonadonlarga issiqlik ta’minoti belgilangan me’yorlarda yetkazib berilmayapti. “Veolia Energy” kompaniyasi buni hisobga olib, iste’molchilar bilan qayta hisob-kitob qilib chiqadimi?

— “Veolia Energy” kompaniyasi Toshkent shahridagi issiqlik ta’minoti tizimini boshqaruvga olgan. Buni qanday amalga oshirishi va majburiyatlari ko‘zda tutilgan. Albatta, agar temperatura rejimi ta’minlanmagan taqdirda, bu shartnomada ko‘rsatiladi va shartnomada belgilangan normalar asosida qayta hisob-kitob qilinishi shart.

Asosiy muammo – tabiiy gaz bosimining pasayishi, buning oqibatida ular yetarli darajada issiqlikni generatsiya qilib berolmayotgani.

Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi loyihasi tayyorlanyapti, xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilyapti. Birinchi o‘rinda Toshkent shahridagi, keyinchalik barcha yirik shaharlardagi yirik issiqlik markazlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Bu nima beradi? Modernizatsiya natijasida issiqlik markazlari issiqlik ta’minotini yetkazib berish bilan birga, elektr energiyasi ham ishlab chiqaradigan bo‘ladi. Issiqlik markazlarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi energotizimga uzatiladi. Bu iqtisodiy tarafdan juda samarali bo‘ladi.

Veolia kompaniyasi bundan tashqari issiqlik yetkazib berish tizimlarini modernizatsiya qilish, tarmoqlarni almashtirish bo‘yicha ham majburiyatlar olgan. Bu belgilangan muddatlarda, dastur asosida amalga oshiriladi.

— Umumiy ovqatlanish joylarida energiya yetishmovchiligi tufayli qozonlarning bir nechtasini o‘chirish talabi qonuniymi?

— Albatta qonuniy. Bu – Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi tegishli qarori bilan belgilangan. Nafaqat bu qarorda, balki gaz ta’minlovchi korxonalar va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalarda ham belgilangan. Unga ko‘ra, ob-havo keskin sovigan paytda tabiiy gaz eng avvalo aholi va ijtimoiy soha obektlarga yetkazib beriladi, shundan kelib chiqqan holda muqobil yoqilg‘iga o‘tish imkoniyatiga ega obektlarga cheklovlar kiritilishi, kerak bo‘lsa o‘chirilishi ham ko‘zda tutilgan.

Oshxonalar ham shu toifaga kiradi. Chunki ular alternativ ravishda yo suyultirilgan gaz, yo ko‘mir, yo o‘tinda, yoki elektr pechlarda, elektr qozonlarda ovqat pishirish imkoniyati bor.

— O‘zbekistonga energiya resurslari Rossiyadan keltiriladimi?

— Hozirgi kunda biz elektr energiyasini Turkmanistondan import qilyapmiz. Yozgi davrda Qirg‘iziston va Tojikistondan import qilamiz. Qozog‘iston, Rossiya va Turkmanistondan esa neft va neft mahsulotlarini import qilamiz. Hozirgi kunda bundan boshqa resurslar Rossiyadan import qilinmayapti.

— Shifoxonalar, tug‘uruqxonalarda elektr energiyasidan uzilishlar kuzatilmoqda. Ular qo‘shimcha transformatorlar bilan ta’minlanmaganmi?

— Bu transformatorlarga oid masala emas, bu – energiya tarmoqlaridagi uzilishlar va cheklovlar masalasi. Bunday cheklovlar kiritilganida kasalxonalar va shu kabi toifaga kiruvchi obektlarni maksimal ravishda cheklovlarga kiritmaslik ko‘zda tutilgan. Lekin avariyaviy o‘chish holatlari uchun barcha shifoxonalarda dizel generatorlari va muqobil energiya ma’lum bir muddatga bo‘lishi shart.

Hukumat komissiyasi va joylardagi ishchi organlar doimiy ravishda nazorat qilib, o‘rganib boryapti. Ayniqsa Farg‘ona vodiysidagi viloyatlarning shifoxonalarida shunday generatorlarning mavjud emasligi yoki ta’mirtalabligini inobatga olib, hozir hukumatning tegishli farmoyishi tayyorlanib, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilgan mablag‘lar doirasida qo‘shimcha mablag‘larni yo‘naltirgan holda, generatorlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilyapti.

— Iste’molchilar elektr energiyasidagi yetishmovchilik va yetkazilgan zararni undirish uchun sudga murojaat qilsa, zarar undiriladimi?

Har qanday fuqaro yoki tadbirkor sudlarga murojaat qilishga haqqi bor. Albatta, shartnomaviy majburiyatlardan kelib chiqqan holda. Agarda ogohlantirishsiz, e’lon qilingan rejasiz o‘chirish avariyaviy holatlardan tashqari ro‘y bergan bo‘lsa, sudga murojaat qilinganida isbotlansa, tegishli zarar qoplab beriladi. Avariyaviy holat fors-major hisoblanadi va u barcha shartnomalarda ko‘zda tutilgan.

Barchamiz – iste’molchilar ham, ta’minotchilar ham qonun asosida ishlashga o‘rganishimiz kerak, bunga hammamiz rioya qilishimiz kerak, deb o‘ylayman.

— Metan gaz quyish shoxobchalarining aniq ish vaqtini e’lon qilish mumkinmi?

— Bu bo‘yicha ishlayapmiz. Kelishilgan grafiklar bor. Bu hamma joyga yetkazilgan. Lekin iste’molning keskin oshishi natijasida har bir hududning spetsifikasidan kelib chiqqan holda, mahalliy hokimiyat vakillari bilan birgalikda hududiy korxonalarimiz qo‘l usulida boshqarib (“ruchnoy rejim”), regulyatsiya qilib turilibdi.

Odamlar uyiga qaytib, kechki ovqat pishiradigan vaqtda trubalarda yetarli gaz bo‘lishi uchun kunduzlari asosan soat 15dan boshlab AGTKSlarni o‘chirishni boshlayapmiz. Ertalabki iste’mol oshgan vaqtda ham shunga moslab, gaz shoxobchalarining faoliyatiga cheklov kiritilyapti.

Albatta, grafiklar bor, lekin ayrim hollarda bu grafiklarga kunbay o‘zgartirish kiritishga ham majbur bo‘linyapti. Cheklovlar ham shunga qarab moslashtirilyapti.

— Nima uchun O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksporti haqidagi raqamlar turlicha ko‘rsatilyapti?

— Tashqi savdo faoliyatida bu tafovutlar doim bo‘lib kelgan. Har qanday hukumatlararo komissiyalar ishida ishtirok etganda, muzokaralarda statistikani olib borishning turli xil usuli, mahsulot qayerda qanday rasmiylashtirilishi, qaysi nuqtada buni chegara deb hisoblash, uyoqdagi qo‘shimcha to‘lanadigan to‘lovlar, bojxonadan o‘tishi, rasmiylashtirish... Bunday tafovut har doim bo‘lgan va bularning birini aniq yoki noto‘g‘ri deyish, o‘ylaymanki, bu o‘zimizning shartnomaviy majburiyatlar doirasida, tegishli formula asosida, tegishli shartnomaviy to‘lovlar amalga oshiriladi, biz shu bo‘yicha statistikaga topshirib boramiz.

— Gaz quyish shoxobchalariga gaz to‘g‘ri taqsimlanyaptimi?

— Gaz-shoxobchalarga kiritilayotgan cheklovlar har bir hududning o‘z spetsifikasidan kelib chiqib, hokimlar bilan birgalikda qilinyapti. Ayrim gaz quyish shoxobchalari aholi tarmoqlariga ulangan bo‘lishi mumkin, albatta, bu yerda cheklov ko‘proq bo‘ladi. Ba’zilarida alohida “nitka” tortilgan, ya’ni aholining iste’moliga ziyon keltirmagan holda ularning ishlash vaqti, ya’ni cheklovlar boshqacha qilinyapti.

— “E’LON QILINMAYDI” deb yozilgan Vazirlar Mahkamasi qarori surati internetda tarqaldi. Bu bo‘yicha munosabat beriladimi?

— Ayrim hujjatlar borki, o‘zining tegishli tarqatilish, e’lon qilish yoki xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Bu yerda qandaydir bir yashirish holati yoki bunga harakat yo‘q. Bu shunday hujjatki, u haqiqatda texnik, ya’ni idoralararo foydalaniladigan hujjat bo‘lgani uchun... Bu umuman bugungi kunda tabiiy gazning realizatsiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish yoki narx-navo bilan bog‘liq hujjat emas.

Bu – konlardan tortib, magistral gaz quvurlariga yetkazib berishdagi o‘lchov tizimini joriy qilishga oid hujjat. Hozirgi kunda bizda kirib kelishda tijoriy o‘lchov deyiladi, shu yerda qancha gaz trubaga kirdi, keyinchalik hamma iste’molchilarda – xonadon bo‘ladimi, korxonami – hisoblagich joriy qilingan. Lekin biz o‘sha tijorat o‘lchovigacha bo‘lgan trubalardagi gaz yo‘qotishlarning hisob-kitobini qilish, konlardan qancha gaz chiqyapti, qayerda nima tizimni qilish, qazib chiqarilayotgan gazni qayta ishlashda bo‘ladigan tafovutlarning barchasini to‘g‘ri hisob-kitob qilish, soliq bazasini to‘g‘ri hisoblash maqsadida tayyorlangan hujjat.

— Sohani xususiylashtirish mavjud muammolarga yechim bo‘la oladimi?

— Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar albatta kirib kelishi kerak. Sababi xususiy investor bo‘lgandan keyin tartib-intizom boshqacha bo‘ladi. Davlat ishtirokini baribir kamaytirishimiz kerak.

Albatta, magistral gaz quvurlari, magistral elektr tarmoqlari va ayrim generatsiya obektlari davlat ixtiyorida qoladi. Lekin ayniqsa yangi quriladigan obektlar xususiy sektor tarafidan amalga oshirilishi kerak. O‘zining investitsiyasini kiritishi kerak. Bu birinchi navbatda raqobat muhitini shakllantiradi, zamonaviy menejmentni olib kiradi, raqobat narx-navoga ham ta’sir qiladi.

To‘g‘ri, bu investitsiyalarni qaytarib olish uchun tariflarni oshirishga to‘g‘ri kelishi mumkin, lekin eng avvalo tartib-intizom. Chunki investor kiritgan investitsiyasini qaytarib olish maqsadida obektlar, shu jumladan xususiylashtirilgan obektlardan samarali foydalanadi, natijada buning davlatga ham, iqtisodiyotga ham foydasi bo‘ladi.

Hozirgi paytda qurilayotgan barcha quyosh va shamol generatsiyasi asosidagi yangi loyihalarning hammasi xususiy xorijiy investorlar tomonidan amalga oshirilyapti. Yirik issiqlik elektr stansiyalari ham. Sirdaryoda ikkita yirik IES qurilyapti, biri Saudiya Arabistoni ACWA Power, ikkinchisi Fransiyaning EDF konsorsiumi tarafidan amalga oshirilyapti. Yoki Turkiya kompaniyalari tomonidan so‘nggi 2 yilda qurilgan 1 gigavattdan ortiq quvvatlarning barchasi ishga tushirilishi natijasida hozir tarmoqda bir qancha tabiiy gaz sarfi iqtisod qilinyapti, energiya tizimga qo‘shimcha ravishda barqaror elektr energiya beryapti.

Bu yo‘nalishda qo‘rqmasligimiz kerak. Faqatgina prezidentimiz yaratib bergan halol, shaffof tizimni to‘g‘ri joriy qilib, to‘g‘ri ijrosini ta’minlasak, hammaga bundan manfaat bo‘ladi.

#Jo‘rabek Mirzamahmudov  #energetika

Manba: https://kun.uz/

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>