Ayni paytda viloyat hokimi topshirig‘i bilan holat bo‘yicha qurilish shtabi tashkil etilgan hamda ko‘p qavatli uylarda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan. Yong‘in oqibatida aholi uylariga shikast yetmagan.
“Televizor ko‘rib o‘tirgandim. Chiroq o‘chib qoldi. Nima bo‘ldi ekan deb tashqariga qarasam, uyimizning tom qismi yonayotgan ekan. Kelinlarim va nabiralarimni uyg‘otib, pastga tushishlarini aytdim. O‘zim esa ulardan keyin tushdim. Xonadonlarimiz zarar ko‘rmadi. O‘zimiz ham sog‘miz”, – deydi xonadonlardan birida yashovchi Hamdiya Yunusova.
Andijon shahar hokimining ta’kidlashicha, yong‘inga xonadonlardan birida noqonuniy elektr tokiga ulanish sabab bo‘lgan. Shuningdek, hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida maxsus guruh ish olib bormoqda. Hozirda uyning tom qismini ta’mirlash ishlari boshlangan.
“Ta’mirlash ishlarini bir haftada yakunlaymiz. Xonadonlar zarar ko‘rmadi. O‘t o‘chirish paytida ayrim xonadonlarga suv kirgan bo‘lsa, yana ayrimlarining oynalari singan xolos. Muhimi, fuqarolarga zarar yetmadi. Tuni bilan tozalash ishlarini olib bordik. Hozir qurilish ishlarini boshlaganmiz”, – deydi Andijon shahar hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Manba: https://kun.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati