O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan “Energetikada davlat nazoratini amalga oshirilishi” mavzuidagi brifingda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev bu haqda ma’lumot berdi.
– “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan elektr energiyadan foydalanish borasida reja asosida nazorat tadbirlari tashkil etiladi, – dedi N. Norboboyev. – 2022 yilning yanvar-sentyabr oylaridagi tadbirlar ham ulardan biri.
Tekshiruvlarda noqonuniy ulangan, qoniqarsiz texnik holatdagi jami 3 ming 608 ta elektr qurilmaning ishi hamda xavfsizlikka rioya qilmagan 35 ta brigadaning ishi to‘xtatildi. 250 ta mas’ul xodimlarga tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlandi. Shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birga elektr tarmoqlariga noqonuniy ulangan 758 ta iste’molchi tomonidan tizimga 26 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi – Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash bo‘yicha 629 ta transformator punkti, 0,4-6-10 kVli 2457 kilometr uzunligida elektr tarmog‘idan rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlari bajarilib, 47 ta elektr qurilma va 23 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari ekspluatatsiyaga qabul qilindi.
2022-2026 yillarda respublikamiz hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida 468 ta transformator punkti, 3719 kilometr uzunligida elektr tarmog‘idan rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlari bajarilgan bo‘lib, 62 ta elektr qurilma va 285 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari ekspluatatsiyaga qabul qilingan.
Iste’molchilarga Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha inspeksiya tomonidan jami 10 mingdan ziyod ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib,umumiy quvvati 899 MVt bo‘lgan 6065 ta iste’molchining elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulandi. Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJlarga tegishli 3 ming 356 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari kelishilib, shundan 616 ta ob’ektning elektr qurilmasi ishga tayyorligi bo‘yicha xulosalar berildi.
Xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash yuzasidan 245 ta xulosa berildi.
2022-2023 yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida 3 ming 207 ta ijtimoiy soha ob’ektidagi o‘rnatilgan tashqi, ichki elektr va issiqlik qurilmalari hamda isitish uchun o‘rnatilgan qozonlarning holati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 1 ming 995 ta muassasaning texnik holati qoniqarsiz ekanligi aniqlandi. Shuningdek, ko‘mir omborlarida ko‘mir yoqilg‘isining saqlanishi holati yuzasidan ko‘mir bilan ishlaydigan 2687 ta muassasaning 834 tasi ko‘mir saqlash omborining qoniqarsiz holati ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilda inspeksiyaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2 ming 462 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 928 tasi ijobiy hal qilingan, 1447 tasiga tushuntirish berilgan, 79 tasi tegishligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan 8 tasi o‘rganish jarayonida.
Muxtasar aytganda, elektr energiyadan qonuniy foydalanish, tejash va energiya samaradorligiga erishishda har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishga mas’uldir.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.
Manba: https://uza.uz/oz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati