Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev “AzonTV” loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi (AES)ni qayta ko‘rib chiqish kerakligi haqida fikr bildirdi.
Meni hayron qoldiradigan narsa — ekologik manfaatlarni himoya qiladigan partiya atom elektrostansiya qurilishini qo‘llab-quvvatlaganini biron-bir mamlakatda ko‘rmaganman. Buni O‘zbekistonda ko‘rganman xolos. Ya’ni AES qurilishini ekopartiya qo‘llab-quvvatlayotganidan shokda qolyapman. Menimcha, bunday holat faqat bizda bo‘lsa kerak.
Mening shaxsiy fikrim, atom elektrostansiyasini qurish ekologiya uchun xavfli, xavfi yuqori. Bunga kafolatlar berilyapti, lekin bizning rejamizda ham turibdi. Mana yaqinda energetika vaziri tayinlandi, u kishidan so‘raldi. Nima bo‘lyapti desam, “Mana muzokaralar ketyapti”, deb ko‘p ijobiy gaplar aytyapti.
Haliyam shubhadaman va haliyam buni qayta ko‘rish kerak degan fikrdaman. Chunki butun dunyo bundan voz kechayotgan vaqtda biz endi o‘tyapmiz. Bu narsa kelajak bilan bog‘liq. To‘g‘risini aytganda, boshqa muqobil variantlar ko‘rganimiz ma’qul.
Bu gaplarni aytyapman, hozir menga qarshi hujumlar boshlanadi. Ammo men qarshiman. Energiyaning boshqa muqobil yo‘li izlanishi kerak. Hech qanday ekologiyaga zarar keltirmaydi, yuz foiz biz kafolat beramiz, degani bilan u bugungi kunda aytilayotgan bayonot 10 yildan keyin nima bo‘lishiga kim kafolat beradi?
Hozirgi dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlar, shu jumladan, mana urush holatlari kelib chiqyapti, stansiyalar qanchalik xavf ostida qolib ketishi mumkin. Kimlardir undan o‘yinchoq sifatida yoki “richag” sifatida foydalanishi mumkin. Biz kelajakda hech qanday “richag”lar qoldirmaydigan yo‘lini topishimiz kerak. O‘n yildan keyin kontinental bo‘lgan tabiatimiz qanday ahvolda bo‘lishini bilmaymiz. Shamolning hozirgi massalari qayerdan kirib kelyapti, u ertaga o‘zgarishi mumkin. Bir necha yil oldin ko‘rdikki, eng xavfsiz degan joylarda talafotlar ko‘rildi, Sirdaryo viloyati va boshqa yerda ko‘rdik.
50, 100 yillar davomida chang ko‘rmagan Toshkentda o‘tgan yili katta chang-bo‘ronlarini guvohi bo‘ldik.
2019-yilda “Rosatom” rahbari O‘zbekistonda AES bo‘lishining iqtisodiy foydasi haqida gapirgandi. Uning aytishicha, AESga investitsiya qilingan har bir dollar mahalliy yetkazib beruvchilarga 1,9 dollar, mamlakatning yalpi ichki mahsulotiga 4,3 dollar va soliq tushumlari shaklida budjetga 1,4 dollar daromad keltirishi mumkin.
“2019—2029-yillarda O‘zbekiston Respublikada atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston atom elektr stansiyasi qurilishini 2022-yildan erta boshlamaydi.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatdagi ilk atom elektr stansiyasini barpo etish uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich — 2019—2020-yillarda AES quriladigan joy aniqlanadi, 2020—2021-yillarda loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. 2022-yildan esa obyekt qurilishiga kirishiladi.
Rossiya dizayni asosida quriladigan ushbu AES qiymati taxminan 11 milliard dollarga baholangandi.
Manba: https://daryo.uz/2022/10/20/ozbekistonda-aes-qurilishiga-qarshiman-rasul-kusherbayev/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati