OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz - “Ishlab chiqarish 400 so‘m, sotish 295 so‘m” – aholi xonadonlari uchun sotilayotgan elektr energiyasi davlatga moliyaviy zarar keltirayotgani aytildi
  • 22.05.2022
  • 336

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va aholi xonadonlari uchun sotilayotgan elektr energiyasi davlatga moliyaviy zarar keltirmoqda. Bu haqda Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev “Daryo” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Vazirlik rasmiysining aytishicha, elektr energiyasi ishlab chiqarish, uni sotishdan qimmatga tushyotgani bir qancha omillarga bog‘liq.

Foto: “Daryo”

Elektr energiyasi ishlab chiqarish va sotish tariflari haqida

Elektr energiyasi ishlab chiqarishning haqiqiy xarajatlar miqdori bilan amaldagi sotish tariflari o‘rtasida ancha tafovut bor. Masalan, aholi xonadonlari uchun bugungi kundagi mavjud tarif 1 kilovatt soat elektr energiyasi uchun 295 so‘mni tashkil etadi. Ishlab chiqarish va tashish xarajatlarining barchasi qo‘shilsa, xarajatlarimiz o‘rta hisobda 400 so‘mdan oshadi. Ya’ni hozirda aholi xonadonlari uchun sotilayotgan elektr energiyasi “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Milliy elektr tarmoqlari” va stansiyalar uchun foyda emas, balki zarar keltiradigan biznes toifasiga aylangan. Endi mana shu 400 so‘m degan raqam qanchalik o‘rinli? Bu to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi? Buni kamaytirsa bo‘larmidi, degan juda ko‘p bahs-munozaralar bor. ‘Davlat kompaniyalarining faoliyati samarasiz bo‘lgani uchun davlat budjetidan bular subsidiya olishga o‘rganib qolgan‘, degan e’tirozlar ham yo‘q emas. Bu e’tirozlarning ba’zilari o‘rinli. Haqiqatan ham operatsion samaradorlik bo‘yicha davlat kompaniyalarida hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Taransformatsiya jarayonlari amalga oshirilyapti. Ya’ni davlat kompaniyasidan haqiqiy biznes kompaniyalariga o‘tish davri boshlab yuborilgan. Lekin yana bir narsani unutmasligimiz kerakki, biz ishlab chiqarish nuqtayi nazaridan bir qancha stansiyalarimizni yangilab olganmiz. Ularning aksariyati tashqi manbalardan kreditlarni jalb qilish hisobiga amalga oshirilgan. Mana shu kreditlarning asosiy qismini qaytarishning vaqti yetib keldi. Bugungi kunda barcha kreditlarni qaytarish nuqtayi nazaridan kelib chiqib hisob-kitob qilinsa, bu raqam 400 so‘mdan ham ancha oshib ketadi.

Yana bir ahamiyatli jihati IESlar yoqadigan tabiiy gazni xarid qilish narxlari shunchalik pastki, dunyoning ko‘p mamlakatlari bilan qiyoslasak, eng past narxlardan bittasi bizda. Bu nimaga olib kelyapti: neft-gaz sohasida ham mablag‘ taqchilligi, yangi konlarni ochish va o‘zlashtirishda moliyaviy qiyinchiliklar va pirovard natijada elektr energiyasining past tariflari neft-gaz sohasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Aslida davlatdan moliyaviy ko‘mak olish emas, davlatga soliq va dividentlar to‘lanishi kerak

Subsidiya tushunchasini ko‘pchilik biroz noto‘g‘ri talqin qilyapti. Uyimda ma’lum miqdorda elektr energiyasini yoqsam-u, shu o‘rtadagi tafovutni davlat kompaniyasiga davlat budjetiga to‘g‘ridan to‘g‘ri berilyaptim yoki bo‘lmasa subsidiyasiz bu kompaniyalar faoliyat yurita olmaydimi, degan savollar ko‘plab berilyapti.

Bu yerda subsidiya bevosita va bilvosita bo‘lishi mumkin. Bevosita subsidiya qanday bo‘ladi? Bunda kompaniyalarimizning investitsion faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi.

Bilvosita subsidiya esa kompaniyalarimizning ayrim holatlarda davlat bujetiga amalga oshirishi kerak bo‘layotgan to‘lovlari muzlatilishidir. Biz vaqtida to‘lovni amalga oshirmayapmiz. Aslida mazkur mablag‘lar davlat budjetiga tushishi kerak edi. Budjetga tushmadi, kompaniyada qoldirildimi, bu ham subsidiya.

Yana bir  ahamiyatli jihati shundaki, jalb qilingan kreditlarni vaqtida to‘lab berilmagan holatlarda davlat budjetidan to‘lab berilyapti. Bu ham subsidiya. Aslida bu kompaniyalar to‘g‘ri faoliyat yuritib, mahsulotini odil narxlarda sotganda edi, davlatdan moliyaviy ko‘mak emas, balki davlat budjetiga juda katta soliqlarni, dividentlarni to‘lovchi bo‘lardi.

Tarif siyosatidan narx siyosatiga o‘tish nimani anglatadi?

Tarif siyosati yakuniy iste’molchilar uchundir. Bu aholi xonadonlari uchun saqlanib qoladi. Elektr stansiyalarimiz ishlab chiqarayotgan elektr energiyasini “Hududiy elektr tarmoqlari”ga ma’lum bir tarif asosida sotadi. Har bir stansiya uchun alohida tarif belgilangan. Lekin biz stansiyalarimiz o‘rtasida raqobatni hosil qilmoqchi bo‘lsak hamda investorlar tomonidan xususiy stansiyalarni ko‘proq qurilishini xohlasak, biz bu tizimdan voz kechishimiz kerak. Tarif emas, narx. Qaysi stansiya “Hududiy elektr tarmoqlari”ga maqbul narxlarda sota olsa, mana shu stansiyalar ko‘proq ishlab chiqarsin. Bunda biz nima yutamiz?

Birinchidan, raqobat bo‘lgandan keyin har bir stansiya ko‘proq foyda olish nuqtayi nazaridan o‘zining xarajatlarini qisqartirishga harakat qiladi. Ikkinchi tomoni, qandaydir past tarif bilan chegaralab qo‘yilmasa, stansiya qanaqa qilib qo‘shimcha investitsiya kiritishga yoki o‘zini quvvatini oshirishga intiladi.

Xususiy investorlar mana shu bozorga kirib kelsa, yangi stansiyalar qurib bemalol davlat stansiyalari bilan narx nuqtayi nazardan raqobatlasha olsa, bozor to‘yinadi. Lekin stansiyalar uchun aytilganidek, tarif siyosati uzoq muddatga saqlab qolinsa, bu ham raqobatni cheklanishiga, ham xususiy sektorning kirishiga to‘sqinlik qiladi.

Stansiyalar uchun tarif siyosati saqlanib qolgan bozorlarda investorlarning kirishi juda ham qiyin. Chunki ularda qo‘rquv bor. ‘Tariflarni davlat belgilaydiku, davlatning stansiyalari bor. U o‘z stansiyalari uchun qulay tarif belgilab, men uchun noqulay tarif belgilab bersa, qanday qilib raqobatlashaman? Mana shu tariflar orqali mening biznesimni samarali va foydali bo‘lishiga kim kafolat beradi’, degan fikrlar bo‘ladi. Ya’ni ishonch to‘liq emas. Har qanday mahsulot turida ham xuddi shunday. Bozorga kelgan odamlar uchun narx belgilab beramiz, faqat shu narxda sotasan desak, hech qaysi mahsulot turida qo‘shimcha bozor ishtirokchilari paydo bo‘lmaydi. U bozordan hamma qochadi.

Aholi va kichik biznes uchun tarif siyosati saqlab qolinadi

Bir jihatdan aholi uchun tarif saqlanib qolsa, elektr energiyasini hamma bir xil narxda sotsa, iste’molchi manfaati qayerda qoladi, degan savol tug‘uladi. Bir marta tarifni oshirishingiz 10-15 yilga saqalanib qoldi degan tushuncha yo‘q. Tarif oshgandan keyin bozor to‘yinsa, raqobat paydo bo‘lsa, mana shu tarifdan chegirma bergan holda sotishga tayyorman, degan bozor ishtirokchilari ham chiqadi. Ular biz o‘zimizning elektr stansiyada ishlab chiqarayotgan mahsulotimizning tannarxini tushirishga erishdik. “Hududiy elektr tarmoqlari”ga arzonroq narxda sotishga tayyorman’, deydi. Yana bir muhim masala, bozor regulyatori degan yangi organ tuziladi.

Mana shu organning asosiy vazifasi bozor ishtirokchilarining birortasi me’yoridan ortiq foyda olmasligini ham nazorat qilib turadi. Ana endi me’yordan ortiq foyda ololmaydigan bo‘lsa, til biriktira olmaydi yoki qoidalarni buzolmaydi. Qoidalar doirasida olsin, xarajatlarini qisqartirsin va foydasini ko‘paytirsin. Lekin qoidani buzmasin. Mana shu regulyator boshqa bozor ishtirokichlariga ruxsat beradi. Bozorda taklif ko‘payadi. Talab ortig‘i bilan qondiriladi va xohlagan odam davlat tomonidan belgilangan tarifdan arzonroq sotish huquqiga ega bo‘ladi. Ana undan keyin ham bir xonadonga o‘zining elektr energiyasini sotmoqchi bo‘lgan xususiy kompaniyaning egasi keladi. Tarif ma’lum bir miqdorda belgilangan bo‘lsa, bayram kunlari sizga 20 foiz chegirma beraman, deydi. Yoki elektr energiyasiga talab pasaygan paytda 15 foiz chegirma beraman deydi. Yoki 3 oyligini oldindan to‘lab qo‘ysangiz, 10 foiz chegirma beraman deydi. Har xil instrumentlarni ishlatishni boshlaydi.

Natijada iste’molchi uchun bonuslar, moddiy manfaat oshadi. Ikkinchidan, eng ahamiyatlisi, mijoz uchun kurash boshlangandan keyin ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati ham ortadi. Chunki mijoz hamma bir xil narxda sotsa, kimning oldiga boradi? Eng yaxshi xizmat ko‘rsatgan, eng xushmuomila, muammoni tez yechishga harakat qiladigan ta’minotchining oldiga boradi. Aholi va kichik biznes subyektlari uchun tarif siyosatini saqlab qolishimiz kerak. Hududlardagi rivojlanish templarini saqlab qolishimiz juda muhim. U yerda energo resurslar ko‘pligi uchun arzon, bu yerda kam bo‘lgani uchun qimmat, degan siyosat bo‘lmasligi kerak.

Manba: https://daryo.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>