Ma'lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda yashil energetikani rivojlantirish, xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda o‘tgan qisqa 3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 10 ta bitim imzolandi.
Ta'kidlash kerakki, 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida birinchi 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, joriy yil 1-choragida Samarkand viloyati Nurobod tumanida ikkinchi 100 MVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirilishini rejalashtirilgan.
Joriy 2022-yilda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yirik ishlar amalga oshiriladi.
Xususan, Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda umumiy quvvati 1 900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyalarini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 1 700 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun loyiha bitimlari imzolanishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 2023-yilda Samarqand, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1 097 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro (G‘ijduvon va Peshku) va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1 600 MVt bo‘lgan 4 shamol elektr stansiyalari “yashil” energiya ishlab chiqarishni boshlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
https://minenergy.uz/uz/news/view/1709
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati