Yangiliklar
SIRDARYOLIK YOSH MUHANDISLAR VILOYAT MA'MURIY MARKAZIDAGI TADBIRLARDA FAOL ISHTIROK ETISHDI
  • 09.02.2021
  • 573

   Xalqimiz asrlar davomida dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo'shgan komil farzandlari, ularning ilmiy-ma'naviy merosi bilan ham boshqa xalqlar orasida hurmat-e'tiborga sazovor bo'lib kelgan. Sharqona ta'lim-tarbiyada or-nomus, odob-axloq, sabr-qanoat, bag'rikenglik, ilm-ma'rifatga intilish, o'zidan yaxshi nom, yaxshi amallar qoldirish kabi fazilatlar bundan besh asrlar avval ham bugungidek muhim ahamiyat kasb etgant rost.

 

   Ana shunday ulug 'ishlari bilan nafaqat Sharqda, balki dunyoda o'zining asarlari, g'azallari bilan ma'lum va mashhur bo'lgan bobomiz Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi puxta tayyorgarlik va zo'r shodiyonalar bilan qarshilanmoqda.

   So'z mulkining sultoni — ulug' mutafakkir Alisher Navoiyning 580 yilligi sirdaryoliklar tomonidan ham keng nishonlanmoqda. Viloyat ma'muriy markazi — Guliston shahrida Alisher Navoiyga atab o'rnatilgan haykal poyi mana bir necha kundan buyon anvoyi gullar, chiroyli guldasta va gulchambarlar bilan to'ldi.

 

   Bugun ulug' bobokalonimiz tug'ilgan kunida uning haykali qarshisida yig'ilgan yuzlab madaniyat, san'at namoyandalari, pedagoglar, kitobsevarlar va yoshlar oldida Sirdaryo viloyati hokimi G'ofurjon G'aniyevich Mirzayev so'zga chiqib, Alisher Navoiyning adabiyotga, san'atga, sheriyatga qo'shgan ulkan hissasi, o'zbek adabiyotiga solgan asosi, madaniyat va ilm-ma'rifatni rivojlantirishdagi mashaqqatli hayot yo'li haqida nutq so'zladi.

   Tadbir qatnashchilari Alisher Navoiy qalamiga mansub she'rlar, g'azallar, baytlaridan namunalar o'qidilar. Madaniy-ma'rifiy tadbirning badiiy qismi viloyat musiqali drama teatrida davom ettirildi. Unda Olim Xo'jayev nomidagi viloyat drama teatri aktyorlari ijrosida sahnalashtirilgan teatr tomoshalari qo'yildi.

   Bunday tadbirlar viloyatning chekka-chekka nuqtalarida ham, maktabgacha tarbiya muassasalarida, umumta'lim maktablarida, tashkilot va korxonalarida, shu jumladan "Sirdaryo magistral elektr tarmoqlari" filialida ham davom etmoqda.

 

   Aniqrog'i, viloyat miqyosidagi bugungi tadbirlarda "Sirdaryo magistral elektr tarmoqlari" filialining yoshlari ham faol ishtirok etishdi. Ular ijrosida Alisher Navoiyning xalq o'rtasida ma'lum va mashhur g'azallari, baytlaridan parchalar o'qilib, tadbir qatnashchilarining olqishiga sazovor bo'lishdi. Misol uchun, filial yoshlar Ittifoqi boshlang'ich tashkiloti a'zolari qatorida xodimlarni jamlash va tayyorlash guruhi muhandisi Sevara Qodirova, havo tarmog'i xizmati texnigi Xudoyshur Xidirov, RH va ES xizmati yetakchi muhandisi Nuriddin Abdullayev, filial hamshirasi Nigora A'zamqulovalar viloyat markazidagi tadbirlarda faol ishtirok etishdi.

   ✍️ Isroiljon Haydarov, "Sirdaryo magistral elektr tarmoqlari" filiali yoshlar Ittifoqi boshlang'ich tashkiloti sardori, elektr energiyasi hisobini yuritish guruhi muhandisi


"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

Kanalga a'zo bo'lish uchun  https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>