OAV va jamoatchilik bilan ishlash
MUNOSIB EHTIROM
  • 04.02.2021
  • 636

Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi oldidan

  Yodingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbarining 2020-yil 19-oktabrda «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.  

  Ushbu qarorda buyuk shoir hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish, ulug‘ mutafakkir ijodiy merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini ta'sis etish, Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi Alisher Navoiyning maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, turli ko‘rgazmalar tashkil etish, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.

 

 

  Ona diyorimizning o‘tmishda ham, bugungi kunda ham chin ma'noda faxriga aylangan buyuk siymo Amir Nizomiddin Alisherbek Navoiy hazratlari haqida so‘z yuritganda, o‘zlarining ta'biri bilan aytganda, odamlarning naqshidir deb ta'riflasak, ayni haqiqat.  

  Millatimiz tarixida, Zahiriddin Muhammad Bobur ta'biri bilan aytganda, Navoiydek benazir shaxsni topish mushkul.

  Tadqiqotchilar Navoiy hazratlari ijodi davomida 30 mingga yaqin so‘z qo‘llaganligini, Pushkin, Shekspir, Servantes va boshqa shoiru adiblar ijodida esa bu ko‘rsatkich 20 mingga yaqin va undan sal ortiqroqni tashkil etganini aniqlashgan. Bundan ham hazrat Navoiyning naqadar yuksak mahorat sohibi bo‘lganligi anglashiladi.

  Ulug‘ shoirning umumiy nom bilan «Xazoyin ul-maoniy» deb atalgan to‘rtta devon jamlanmasidan iborat asariga o‘zbek (turkiy) tilida yozilgan 50 ming she'ri kiritilgan. Fors tilida yozgan 12 ming misra she'rini «Devoni Foniy» deb nomlagan asarida jamlagan. Alisher Navoiyning besh dostondan iborat «Xamsa»si va biz yuqorida ta'kidlagan beshta devonidan tashqari yana 18 ta alohida asari bor.

 

 

  Bir inson qisqa umri davomida bu qadar ko‘p ishlarni amalga oshira olishi mumkinmi, deya Navoiy adabiy merosi bir shaxs tomonidan yaratilganligiga ishtiboh bilan qarovchilar ham topilmoqda. Ammo 30 ga yaqin asarni o‘z bag‘riga jamlagan noyob adabiy meros haqiqatan ham birgina Navoiyning o‘zi tomonidan yaratilganligini ko‘plab tarixiy manbalar, avtobiografik xarakterdagi risolalar tasdiqlaydi.

  Taniqli adabiyotshunos olima Suyima G‘aniyeva Navoiyning «Munojot» asariga yozgan so‘zboshisida «Daho san'atkorlar yaratgan asarlarning katta-kichigi bo‘lmaydi» deya ta'kidlagan edi. Darhaqiqat, hazrat Navoiy yaratgan asarlarning katta-kichigi yo‘q. Sharq mumtoz she'riyatining eng kichik janri, ya'ni bor-yo‘g‘i bir baytdan iborat bo‘lgan mufradot janridagi she'rlari ham yuksak mahorat bilan yaratilgan. Atigi ikki misra she'rda badiiy tasvir vositalari, she'riy san'atlar nihoyatda nuktadonlik bilan qo‘llanilgan.

  Sharq falsafasini, islom tarixi va ta'limotini chuqur bilgan Navoiyning fardlardan tortib, muammo, chiston, ruboiy, qit'a, tuyuq, g‘azal, mustazod, muxammas, musaddas va hokazo janrlarda yaratilgan she'rlarining barchasi hikmatga to‘la. Ulug‘ shoir ijodi haqiqiy ma'noda inson ruhining ozig‘i bo‘lib xizmat qiladi.

  G‘azal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz nafaqat o‘zbek (turkiy) va fors tilida, balki arab va hind tillarida ham asarlar yaratganligi ma'lumotlarda keltiriladi. O‘z navbatida, shoir asarlari o‘nlab xalqlarning tillariga tarjima bo‘lgan.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘lish uchun t.me/uzmetaxborotxizmati

>