Yangiliklar
O'zbekiston va Afg'oniston energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda
  • 01.02.2021
  • 581

   2021-yilning 1-fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar bilan muzokaralar o'tkazdi.

 

   Uchrashuv Afg'oniston Islom Respublikasi (AIR) Tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar boshchiligidagi AIR delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi doirasida bo'lib o'tdi.

   Afg'oniston tomoni O'zbekistonga elektr ta'minotini o'rnatishda ko'rsatayotgan doimiy yordami, shuningdek, chegara savdosini rivojlantirish va Afg'oniston fuqarolarining O'zbekistonda oliy ma'lumot olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish bo'yicha mamlakatimizning olib borayotgan siyosati uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

 

   Shuningdek, Afg'oniston tomoni o'z hududida 500 kV kuchlanishli Surxon-Puli-Xumri elektr uzatish tarmog'ini qurish loyihasi doirasida ish olib borish uchun barcha zarur choralarni ko'rishini ta'kidladi. Ushbu loyihani amalga oshirish mamlakat rahbariyatining alohida nazoratida ekanligi ta'kidlandi.

   Shuningdek, janob Korgar O'zbekistonning energetika tarmog'ida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan islohotlarni yuqori baholadi. Buning dastlabki natijalaridan biri sifatida Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi tomonidan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish bo'yicha ishlarning boshlanganini alohida ta'kidladi.

 

   Tomonlar sheriklik loyihalarini amalga oshirish jarayoni, shuningdek, hamkorlikning yangi istiqbolli yo'nalishlarini muhokama qildilar, ushbu sohalarda qo'shma tadbirlarni amalga oshirishni tezlashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi.


O'zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

http://minenergy.uz/uz/

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

Kanalga a'zo bo'ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>