Yangiliklar
Qurilishda texnik nazoratni amalga oshiradigan mutaxassis-xodimlarning malakasi oshirilmoqda
  • 24.10.2024
  • 110

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari mutaxassislarini sertifikatlash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi“ 2023-yil 11-sentabrdagi 460-son qarorida 2023-yil 1-oktabrdan boshlab shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari mutaxassislarini ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har uch yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etilganligi va 2025-yil 1-yanvardan boshlab sertifikatga ega bo‘lmagan mutaxassislarga texnik nazoratni amalga oshirish, qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilish va nazorat o‘lchovini amalga oshirish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Shu munosabat bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Qurilishda texnik nazoratni amalga oshiradigan xodimlarni muhandislik-energetika yo‘nalishi bo‘yicha malakasini oshirish to‘g‘risida”gi  ko‘rsatmagan binoan malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi. 2024-yil 18-sentabrdagi SA-284-sonli ko‘rsatmaga asosan “O‘zbekiston MET” AJ filiallari hamda tarkibidagi qurilish-montaj korxonalarning texnik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha 24 nafar mutaxassislarni o‘qitish va sertifikat olish uchun “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzuridagi tarmoq markazi” bilan shartnoma rasmiylashtirilib, joriy yilning 23-sentabridan 5 oktabr sanasigacha malaka oshirishga yuborildi.

“O‘zbekiston MET” AJ filiallari va tarkibidagi korxonalarning texnik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha 24 nafar mutaxassislari “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzuridagi tarmoq markazi”da malaka oshirish davrida Markazning malakali mutaxassislari tomonidan o‘qitilib, chuqur bilimga ega bo‘ldilar.

Aksiyadorlik jamiyatining 24 nafar mutaxassislari malaka oshirish yakunida o‘tkazilgan sinov-test imtihonlaridan muvаffaqiyatli o‘tib, tegishli sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2024-yil 6-yanvardagi topshirig‘iga asosan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida muhandislik sohalarida malakali kadrlar tayyorlash, yaʼni “tarmoq–korxona–oliygoh” zanjirini yaratish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kapital qurilish boshqarmasi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>