Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi magistral elektr tarmoqlari filiallarining Elektr uzatish havo liniyalari xizmati tomonidan navbatdan tashqari nazorat ko‘riklari o‘tkazilmoqda. Xuddi shu kabi ishlar 2024\2025-yil kuz-qish mavsumiy ishlari doirasida Podstansiyalar xizmati tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, “Qoraqalpog‘iston magistral elektr tarmoqlari” filiali tarkibidagi 220/110/10 kV kuchlanishli “Qoraqalpog‘iston” podstansiyasida navbatchi brigadalar tomonidan AT-2 avtotransporti ishining ekspluatatsiya jarayoni barqarorligi taʼminlovchi texnik-muhandislik ishlari bajarildi.
Jumladan, AT-2 transformatoridan chiquvchi 110 kV kuchlanishli simlarga qo‘shimcha tayanch izolyatorlari o‘rnatildi. Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, qo‘shimcha jihozlar kuchli shamol paytida simlarning tebranishi oqibatida transformatordan chiquvchi tarmoqlar o‘rtasida qisqa tutashuv sodir bo‘lmasligining oldini oladi.
Eslatib o‘tamiz, 220/110/10 kV kuchlanishli “Qoraqalpog‘iston” podstansiyasi 2015-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, unda har birining quvvati 125 MVA bo‘lgan 2 dona avtotransformator mavjud.
Maʼlumot o‘rnida: “Qoraqalpog‘iston” podstansiyasi joylashgan hududda (Ustyurt tekisligi) doimiy esib turuvchi shamol yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, energetika obyektining qurilmalari shamolda ko‘chib yuruvchi sahro qumidan himoyalanishi uchun maxsus to‘siqlar bilan o‘rab qo‘yilgan.
Po‘lat Allambergenov, “Qoraqalpog‘iston magistral elektr tarmoqlari” filiali bosh muhandisi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati