OAV va jamoatchilik bilan ishlash
SHAXSIY HAYOT DAXLSIZLIGI NIMA?
  • 30.10.2020
  • 4565

  Ko‘pchilikka ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4366-son qaroriga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari: bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘lishdi. Bu o‘ta mas'uliyatli vazifa bo‘lib, avval jurnalistik yoki badiiy ijod faoliyati bilan shug‘ullangan mutaxassislardan huquq ilmini yanada mukammal o‘rganishni talab etadi. Ayniqsa, shaxsga oid haq-huquqlarni, xoh u jismoniy, xoh yuridik shaxs bo‘lsin, himoya qilish, aynan axborot siyosati masalalarida amaldagi qonunchilikka suyanish, OAV va jamoatchilik bilan ishlashda huquqiy normativlar doirasida ish yuritish matbuot kotiblaridan o‘zlarining yuridik bilimlarini takomillashtirib borishiga yetaklaydi.

 

  Internet va boshqa kommunikatsion tarmoqlar rivojlanishi bilan axborot ko‘lamining miqdori keskin ravishda oshib, uning shakl-shamoyili turlicha bo‘lib borayotgani hech kimga sir emas. Ammo axborotning haqqoniyligi, xolisligi, adolat mezonlariga mos kelishi — sifati ikkilamchi darajaga tushib qolayotganday. Ayniqsa mansabdor shaxslar va ishchi-xizmatchilarga tegishli bo‘lgan shaxsiy ma'lumotlar ularning roziligisiz, qonunga zid tarzda tarqatib yuborilayotgani ayanchli. Taniqli shaxs — namunaviy fazilatlarga ega bo‘lishi kerak, degan axloqiy tushunchalarimiz bor va bu ko‘p tomondan, masalan, boshqalarga o‘rnak bo‘la olish jihatidan to‘g‘ri. Ammo ular ham boshqa insonlar kabi ayrim qusurlardan xoli emas. Biroq bu uning shaxs kamsitilib, qadr-qimmati yerga urilishi kerak, degani emas. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari qonun himoyasi ostida.

 

Shaxsiy hayot daxlsiz

  Insonning ozodligi, sha'ni-yu qadr-qimmati bebaho va daxlsiz qadriyat sifatida ulug‘lanadi. Shunga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklari qonunan muhofaza qilinadi.

  Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari qonunan muhofaza qilish maqsadida Konstitutsiyamizning 25-moddasida «Har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi», 27-moddasida «Shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi» kafolatlangan.

  Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrdagi 439-II-sonli «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 13-moddasida «Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi», O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 15-yanvardagi O‘RQ-78-sonli «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonuning 6-moddasida «Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi», O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-sonli «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuning 28-moddasida «Subyektning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma'lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida mulkdor va (yoki) operator yoki shaxsga doir ma'lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxs tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan talab shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligidir. Mulkdor va (yoki) operator hamda shaxsga doir ma'lumotlardan foydalanishga ruxsat olgan boshqa shaxslar subyektning roziligisiz shaxsga doir ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etmasligi va tarqatmasligi shart» kabi normalar mavjud.

 

   Afsuski, hozirgi kunda fuqarolar tomonidan ushbu tartib-qoidalarga rioya qilmaslik natijasida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda insonlarning shaxsiy hayotiga tegishli ma'lumotlar, xabarlar va shuning asosida xulosalar tarqatish uchramoqda. Ushbu holatlar esa, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma'lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish — eng kam ish haqining qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lmoqda.

 Bu qilmish ma'muriy jazo qo‘llanilgandan keyin yana sodir etilgan hollarda, Jinoyat kodeksining 141(1)-moddasiga asosan, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi. Bordi-yu o‘sha harakatlar og‘ir oqibatlarga olib kelsa, g‘arazli niyatlarda amalga oshirilsa, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilsa, aybdor eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi yoki unga nisbatan uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishga sabab bo‘ladi.

Shunday ekan, xulosa yakdil bo‘lmog‘i lozim — fuqarolarning huquqlarni hurmat qilish va qonunlarga rioya etish darkor.
 

Shaxsiy hayot siri va shaxsga oid ma'lumotlar

  Yuqorida ta'kidlanganidek, ommaviy kommunikatsiyalar rivojlanishi bilan bugun ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid ma'lumotlari, ming afsuski, uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga guvoh bo‘lyapmiz. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlari-yu blogerlarning elektron sahifalarida shaxsga doir ma'lumotlardan (fotosuratlar, ism-sharif, lavozim va hokazo) uning roziligisiz foydalanish, tarqatish holatlari ham ko‘paygan. Natijada ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z shaxsiy hayotiga, shaxsiga oid ma'lumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr ko‘rib qolmoqda.

  Shaxsiy hayot daxlsizligi, ya'ni insonning shaxsiy hayotiga har qanday aralashuv va tajovuzdan himoya qilinishi shaxsning fundamental huquqidir. Huquqiy jamiyatlarda shaxsiy hayot daxlsizligi oliy qadriyat hisoblanadi.

  Zero, O‘zbekiston Konstitutsiyasi ham ushbu qadriyatni tan olib, shaxsiy daxlsizlik huquqini kafolatlagan (O‘zbekiston Konstitutsiyasi 25- va 27-moddalari).

  Demak, insonning shaxsiy daxlsizligi oliy qadriyat ekan, insonning shaxsiy hayotiga, uning shaxsiga doir ma'lumotlarni olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatish va umuman unga doir ma'lumotlar bilan ishlash qonun bilan tartibga solingan.

 

Shaxsiy hayot daxlsizligi

  Shaxsiy hayot deganda jismoniy shaxsning o‘zi tomonidan olib boriladigan, tashqi ta'sirdan xoli bo‘lgan uning jismoniy va ruhiy hayoti tushuniladi. Ya'ni, shaxsiy hayot bu oilaviy, maishiy muhit (oila a'zolari, lavozimi, millati, kimning qayerda ishlashi, qayerda nima ovqat yeyishi va hokazo), muloqot muhiti (do‘stlari, tanishlari, ishqiy munosabatlari), diniy munosabati, ish (o‘qish)dan xoli mashg‘uloti, shaxsiy qiziqishlari (munosabatlari) va boshqa shu kabi chegaralangan muhitlar bo‘lib, shaxs bular haqida ma'lumotlar oshkor etilishini istamasligi mumkin (bu huquq boshqalarning huquqlarini buzganda qonunda belgilangan tartibda chegaralanishi mumkin).

  Shu bilan birga, shaxsiy va oilaviy sir ham mazkur shaxsiy hayot doirasidagi asosiy unsur bo‘lib, u boshqalarga oshkor qilishdan saqlanadigan ma'lumotlarni tashkil qiladi. Masalan, shaxsiy va oilaviy sir sifatida farzandlikka olish sirini, er-xotinning o‘zaro hayotini, o‘zaro mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarini, boshqa shaxslar bilan yashirin munosabatlari (hatto ishqiy munosabatlari ham, axloq normalari buzilayotgani haqida jamoatchi faol kishi /bloger/ yoki OAV vakili — jurnalist sifatida yondashuvda ham uning shaxsiyatini oshkor qilmaslik bo‘yicha ma'lum norma va jurnalistik an'analari mavjud) va boshqa munosabatlariga oid ma'lumotlarni aytish mumkin.

  Demak, shaxsiy hayotga doir yuqoridagi ma'lumotlar, shu jumladan shaxsiy va oilaviy sir saqlanadigan ma'lumotlar qonun bilan qo‘riqlanadi. Ular faqat shaxsning roziligi bilangina (qonunda belgilangan istisnolar mavjud, masalan, jinoyat ishi doirasida, boshqa shaxs huquqini buzganda va hokazo holatlarda) olinishi, saqlanishi va tarqatilishi mumkin.

 

Shaxsiy hayot daxlsizligining buzilishi

  Agar shu shaxsiy va oilaviy sirga oid ma'lumotlar shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda olinsa, saqlansa va tarqatilsa, bu ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 1. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 46(1)-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma'lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Masalan, siz bir uylangan erkak tanishingizning boshqa bir ayol bilan ishqiy munosabatlaridan xabardor bo‘lib qoldingiz (uning telefonidagi ma'lumotlar orqali yoki o‘z ko‘zingiz bilan guvoh bo‘ldingiz). Ushbu ma'lumotlarni tanishingizning xotiniga yoki yaqin qarindoshlariga (yoki internetda butun jamiyatga) yetkazmoqchi bo‘lsangiz, bu qilmishingiz yuqorida keltirilgan huquqbuzarlik hisoblanadi.

 2. Agar shaxs bunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida yana shunday qilmish sodir etsa, bu endi jinoyat hisoblanadi.

  Jinoyat kodeksining 141(1)-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma'lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

  3. Lekin quyidagi holatlarda shaxsiy va oilaviy sirga oid ma'lumotlar shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda olinganda, saqlanganda, tarqatilganida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi (ma'muriy javobgarlik qo‘llamasdan).

  Ushbu harakatlar:

a) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa (masalan, shaxsiy siri tarqatilishi oqibatida shaxs o‘z joniga qasd qilsa);

b) g‘arazli niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa (shaxsiy hayotga doir ma'lumotni tarqatishda moddiy naf ko‘rishni qasd qilsa (tovlamachilik alomatlari bo‘lmasa);

v) xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa.

 

Shaxsga doir ma'lumotlar nima?

  «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra shaxsga doir ma'lumotlar deganda muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot tushuniladi. Masalan, jismoniy shaxsning:

· ismi, familiyasi, otasining ismi;
· tug‘ilgan vaqti, tug‘ilgan joyi;
· vaqtincha yoki doimiy yashash joyi;
· oilasi, ijtimoiy holati;
· ma'lumoti, kasbi, lavozimi, ish joyi;
· daromadlari va mulkiy holati;
· telefon raqami;
· shaxsiy surati (foto va hk.);
· biometrik va genetik ma'lumotlar va boshqa ma'lumotlar.

 1. Shaxsga doir ma'lumotlar shaxsning o‘z shaxsiy hayotida o‘z xohishi bilan saqlanishi, tarqatilishi mumkin.

 2. Shuningdek, qonunda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan ham ushbu ma'lumotlar talab qilib olinishi, saqlanishi, ularga ishlov berilishi, tarqatilishi mumkin. Masalan, ayrim davlat organlari (Ichki ishlar vazirligi, migratsiya va fuqarolik xizmatlari, Davlat chegara xizmati) sizning shaxsingizga oid ma'lumotlarni tegishli tartibda oladi va saqlaydi (masalan, pasport olishingizda ushbu ma'lumotlar olinadi).

 3. Yoki ishga kirishda siz o‘z xohishingiz bilan mazkur shaxsga doir ma'lumotlarni ish beruvchiga taqdim etasiz (anketa, pasport, diplom nusxalari va hokazo).

 4. Ayrim hollarda turli xizmatlar, tovarlar sotib olayotganingizda shaxsga doir ma'lumotlaringizni taqdim etasiz va ulardan foydalanishga rozilik bildirasiz (masalan, uyali aloqa operatori, mehmonxona xizmati, taksi xizmatlari, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar bilan o‘zaro munosabatga kirishganda).

Har qanday holatda ham shaxsga doir ma'lumotlar qonunda belgilangan tartibda olinishi, ishlov berilishi va saqlanishi shart.
 

Ma'muriy va jinoiy javobgarlik

 Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish birinchi martada ma'muriy, bir yil ichida qayta sodir etilganda esa jinoiy javobgarlikka asos bo‘ladi.

 Masalan, siz tanishingizning fotosuratini, ismi-sharifi va lavozimi haqidagi ma'lumotni uning roziligisiz ijtimoiy tarmoq orqali tarqatdingiz. Bu ma'muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 1. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46(2)-moddasiga ko‘ra shaxsga doir ma'lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 2. Agar shaxsga doir ma'lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish o‘sha harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida sodir etilgan bo‘lsa, bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi (Jinoyat kodeksining 141(2)-moddasi).

 3. Quyidagi ayrim holatlarda esa bunday qilmish to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka asos bo‘ladi. O‘sha harakatlar:

a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
v) g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa (moddiy naf olish uchun);
g) xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa;
d) og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa.
Ta'kidlash lozimki, ushbu qilmishlar faqat ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish bilan cheklanmaydi. Jabrlanuvchi (fuqarolik ishlarida da'vogar) o‘z shaxsiy hayoti daxlsizligi yoki shaxsiga doir ma'lumotlar daxlsizligi buzilgani uchun moddiy-ma'naviy zararni fuqarolik sudi orqali undirishi mumkin.
 

Shaxsga doir ma'lumotlar muhofazasi nima?

  Bugungi globallashuv davrida shaxsga doir ma'lumotlarni muhofaza qilish borgan sari muhim ahamiyat kasb etib borayotgandek, nazarimizda. Binobarin, inson haqidagi ma'lumot har doim qimmatli bo‘lgan, ayni vaqtlarda esa u noyob tovarga aylanib bormoqda. Shu boisdan insonning shaxsiga doir ma'lumotlarni muhofaza qilish, undan turli xil g‘arazli maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, pirovardida shaxsiy hayot daxlsizligini ta'minlash masalasi har qachongidan ko‘ra dolzarb ahamiyatga ega, deb yozadi huquqshunoslar.

  Bildirilgan fikrlarga ko‘ra, bu borada qabul qilingan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonun milliy qonunchilikda raqamli texnologiyalar davrida fuqarolarga o‘z shaxsiy ma'lumotlari ustidan nazorat qilish, ulardan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish hamda qayerda ishlov berilishidan qat'i nazar bildirilgan maqsad uchungina foydalanishini ta'minlash imkoniyatini beradi.

  Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, O‘zbekiston qonunchilik hujjatlarida shaxsga doir ma'lumotlarni olish, tarqatish, insonning qadr-qimmati va sha'nini himoya qilish masalalari mukammal tarzda tasniflangan va ta'riflangan, qonun buzilishga qarshi jazo choralari ishlab chiqilgan.

 

Bizdan faqat huquqiy vakolatlarimiz bilan bir qatorda majburiyatlarimizni ham yaxshi o‘rganib olib, amaldagi qonunlarga rioya etishgina talab etiladi.

Ulug‘bek Urunov, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining matbuot kotibi ― axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

(Ma'lumotnomani tayyorlashda huquqiy axborot kanallari xabarlari hamda huquqshunos O‘.Xolmirzayev materiallaridan foydalanildi)

Manba: https://yuridik.uz/

  «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>