Yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiya hajmini ko‘paytirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi
  • 05.09.2024
  • 108

Elektrotexnika sohasida asosiy vazifa – sifatni ta’minlash va tannarxni tushirish

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-sentabr kuni elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiya hajmini ko‘paytirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakatmiizda bu borada katta salohiyat bor. So‘nggi yetti yilda sohaga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Natijada 762 ta korxona ishga tushirilib, 45 turdagi yangi mahsulot tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida sohadagi korxonalar tomonidan budjetga tushum 8 barobar oshgan. Ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobar o‘sgan.

Eksport geografiyasi so‘nggi uch yilda 2 karra oshib, 62 ta davlatga yetdi. Ishlab chiqarilayotgan 200 turdagi mahsulotning 195 turi eksport bo‘layapti. Umuman, elektr texnikalari eksporti 1 milliard dollarga yetib, to‘qimachilikdan keyingi ikkinchi mahalliy sanoat tarmog‘iga aylandi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish va logistikadagi uzilishlar, aylanma mablag‘ va tannarx bilan bog‘liq masalalar bor. Hamma davlatlar ichki bozorining himoyasiga kirishgan. Yangi bozorlarga kirish, borlarini saqlab qolish ham qiyin bo‘layapti.

– Bunday sharoitda yagona yo‘limiz – sifatni ta’minlash va tannarxni tushirish orqali mahsulotimiz raqobatdoshligini oshirish, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunga tarmoqdagi korxonalar boshini qovushtirib, qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish orqali erishish mumkin.

Yig‘ilishda sanoat tarmoqlari mutasaddilari va tadbirkorlar ishtirokida shu boradagi imkoniyatlar tahlil qilindi.

Korxonalarda qayta ishlash darajasi va tarmoqlararo kooperatsiya kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan kabellar ishlab chiqaruvchi korxona 4 tagina, xolos. Yoki mis quvurlarni kompozit izolyatsiya qilish yo‘lga qo‘yilsa, qiymati oshadi.

Shu bois, bundan buyon, elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yo‘nalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi. Buning uchun Ohangaron, Farg‘ona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi. Bu yo‘nalishdagi aniq loyihalar uchun tayyor bino qurilib, sanoat ipotekasi shartlarida kredit hisobiga tadbirkorlarga beriladi. Ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi, mol-mulk va foyda solig‘idan 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

So‘nggi yillarda maishiy texnika yo‘nalishi keng rivojlandi. Lekin birgina shu bilan chegaralanib qolmaslik kerak. Bugungi kunda energetika, qurilish, suv xo‘jaligi, avtomobilsozlikda elektrotexnika mahsulotlariga talab kun sayin oshib bormoqda.

Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti. Suv xo‘jaligida nasoslarni zamonaviysiga almashtirish, ichimlik suvi tarmoqlarida hisoblagichlar o‘rnatish bo‘yicha ko‘p rejalar bor.

Yurtimizda yiliga 100 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar hamda 13 million kvadrat noturar binolar qurilayapti. Ularga ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari kerak.

Shunga asoslanib, davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalar bo‘yicha “mahalliy kontent”ni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Buning uchun tegishli vazirlik va tarmoqlar mahalliy korxonalarga o‘z talabini yetkazishi, mahsulot sifatini yaxshilash va standartlarga moslashtirishga ko‘maklashishi zarurligi aytildi.

Umuman, bu yil elektrotexnika sohasida ishlab chiqarishni 40 trillion so‘mga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tarmoqdagi yana bir masala qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan bog‘liq. Hozirda tashqi qarz hisobidan bo‘layotgan loyihalar uchun chetdan olib kelinayotgan tovarlar bundan ozod qilingan. Lekin shu loyihalarda qatnashayotgan o‘zimizning korxonalar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘layapti. Oqibatda ular import tovarlar bilan narx bo‘yicha raqobat qila olmayapti.

Qayd etilganidek, endi xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga yetkazib berilgan tovarlar uchun, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib beriladi. Bu orqali elektrotexnika ishlab chiqaruvchi korxonalarimizga qo‘shimcha 250 million dollarlik bozor bo‘ladi.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbari soha vakillariga murojaat qilib, endi sifat va raqobat ustida ishlash, xalqaro sertifikatlarni olish zarurligini ta’kidladi.

Eksport masalalari muhokama qilinar ekan, boshqa davlatlarda yirik uzelli yig‘ishni tashkil etib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkinligi aytildi.

Jumladan, qo‘shni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, O‘zbekistonni mintaqaviy “elektrotexnika xabi”ga aylantirish salohiyati bor. Shu maqsadda milliy brendlar ostida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni tanitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi faqat yirik korxonalar bilan chegaralanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan yaqindan ishlashi muhim. Shu bois uning faoliyati tubdan o‘zgartirilishi belgilandi.

Xususan, endi uyushma ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni aniqlaydi, ular bo‘yicha loyiha qilib, tadbirkorlarga beradi. Sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, korxonalarda joriy qilish va sertifikat olishda ko‘maklashadi. Boshqa tarmoqlardagi ehtiyojni aniqlab, ularning buyurtmalarini elektrotexnika korxonalariga yetkazadi. Injener-texnolog va o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma beradi hamda o‘quv dasturlarini birga ishlab chiqadi. Mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilg‘or kompaniyalarga ish o‘rganishga jo‘natadi.

Uyushmaga yangi a’zo bo‘lganlardan 2 yil, aylanmasi 10 milliard so‘mdan kam korxonalardan esa umuman badal olinmaydi. Ularning mahsulotlari “Eltex Lab” laboratoriyasida bepul sinovdan o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlar bu yil 500 million dollarlik 85 ta loyihani ishga tushirish rejalari bo‘yicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari sohadagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi. Ularning muammo va takliflari asosida mutasaddilarga eksport uchun aylanma mablag‘ miqdorini oshirish, sanoat elektrotexnikasi uchun lizing tizimini kengaytirish, ilmiy tadqiqot va konstruktorlik tajribalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlarga ustuvorlik berish, sifatsiz va qalbaki mahsulotlar savdosini cheklash va boshqa masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/7527

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>