Joriy yilning 23-oktabr kuni poytaxtimizning "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida qator xalqaro moliya institutlari ishtirokida mamlakatimiz energetika sektorini yanada isloh qilishga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi.
Тadbirda Energetika vaziri, Moliya vaziri o'rinbosari, Investisiyalar va tashqi savdo vaziri o'rinbosari, shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, "O'zbekneftgaz" AJ, "O'ztransgaz" AJ, "Hududgazta'minot" AJ, "issiqlik elektr stansiyalari" AJ, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ va "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ rahbarlari ishtirok etdi.
Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, qator xalqaro yuridik va auditorlik kompaniyalari vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar va maslahatchilar muhokamaning onlayn ishtirokchilari bo'ldi.
"Yurtimiz energetika sektorini isloh qilish jarayonida xalqaro moliya institutlari islohotlarni rejalashtirish va amalga oshirish, ularni moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlash va obro'li xalqaro ekspertlarni jalb qilish ishlariga salmoqli hissa qo'shmoqda. Asosiysi, mazkur samarali hamkorlik orqali mamlakatimizda eng yaxshi, zamonaviy va dunyo tajribalarini joriy etish imkoniyati yaratilayotganidir", – dedi Energetika vaziri Alisher Sultanov.
Davra suhbati davomida elektr energetika va neft-gaz tarmoqlarini yanada isloh qilish bo'yicha tavsiyalar va yo'l xaritalari muhokama qilinib, ularni tayyorlashda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining xalqaro ekspertlari va maslahatchilari ishtirok etdi.
Ekspertlar tomonidan ta'kidlanganidek, energetika sektorida bunday keng ko'lamli islohotlarning amalga oshirilishi korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, bozor mexanizmlariga o'tish, iste'molchilarga arzon va kafolatlangan elektr energiyasi va gaz yetkazib berishni ko'zda tutuvchi xizmatlar sifatini oshirish, energetika sanoati barqarorligiga erishish, energiya resurslarini samarali ishlab chiqarish va ulardan foydalanish imkonini beradi.
Muhokamalar davomida davlat energetika korxonalarini xususiylashtirish mavzusiga ham to'xtalib o'tildi. Xalqaro maslahatchilar liberallashtirish har doim ham xususiylashtirishni anglatmaydi, bunga puxta yondashish, birinchi navbatda, buning uchun zarur Qonunchilik bazasini yaratish zarurligini alohida ta'kidladilar.
Xalqaro moliya institutlari vakillari energetika sohasida taklif etilayotgan islohotlarni amalga oshirishda kelgusida texnik yordam ko'rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Manba: O'zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
"O'zbekiston MET" AJ Axborot xizmati