Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlandi, savdo majmualari ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy rivoji haqida so‘zladi.
Buning uchun hududda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. So‘nggi besh yilda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan. Qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham tortib berilmoqda.
Imtiyozlar hisobiga o‘tgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qolgan.
Hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti paydo bo‘lgan.
Birgina o‘tgan yilda 345 million dollarlik 1 ming 400 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilning birinchi yarmida 730 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
Qoraqalpog‘istonda chet el kapitali bilan tashkil etilgan korxonalar soni ham ko‘payib bormoqda. 2017-yilda 73 ta xorijiy va qo‘shma korxona bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 175 taga yetdi.
Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025-2028-yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, 12 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va budjetga 500 milliard so‘m qo‘shimcha tushum yaratiladi.
Davlatimiz rahbari qurilishi boshlanayotgan va ishga tushirilayotgan majmualarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Yurtimizdagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari energetika sohasida ulkan vazifalarni qo‘ymoqda.
So‘nggi yillarda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15 foizga yetkaziladi.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 19 milliard dollar bo‘lgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining hissasi katta ekanini ta’kidladi. Nufuzli tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati bor.
2030-yilga qadar Qoraqalpog‘istonda 11 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya hisobiga, jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar to‘liq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.
Quvvat uzatishda barqarorlikni ta’minlash uchun Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.
Bugun ushbu loyihalarning bir nechtasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlanmoqda. Birinchisi, Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qo‘ng‘irot tumanida quriladigan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi. Ikkinchisi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.
Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 million tonnaga qisqaradi.
Ahamiyatlisi, bu bilan bir paytda Qo‘ng‘irot tumanida shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar qurilishi ham boshlanmoqda. Natijada yiliga 1 000 megavatt quvvatli shamol turbina qismlari va 120 ta minorani ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, 100 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Nukus tumanida 24 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shahar va tumanlarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari ham e’tiborda. Shu kunlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida 62 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Marosimda ulardan ikkitasi – Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi. Barchani mamlakatimiz iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega ushbu loyihalar bilan tabrikladi.
Manba: https://president.uz/oz/lists/view/7472
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati