Yangiliklar
Inson huquqlari boʼyicha toʼrtinchi anʼanaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga
  • 13.06.2024
  • 137

Hurmatli Forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Аvvalambor, “Ekologik tahdidlar: oʼzgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi inson huquqlari boʼyicha toʼrtinchi anʼanaviy Samarqand forumining barcha ishtirokchilari va mehmonlarini samimiy qutlayman.

Yurtimizda ilk bor 2018-yilda oʼtkazilgan Inson huquqlari boʼyicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga oʼziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirdi desak, hech mubolagʼa boʼlmaydi. Shu tariqa inson huquqlari sohasidagi
eng dolzarb muammolarga bagʼishlangan Samarqand forumlarini oʼtkazish yaxshi anʼana tusini oldi.

Bugungi anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʼyicha kengash, Turkiy davlatlar Parlament Аssambleyasi, shuningdek, taniqli xorijiy davlat va jamoat arboblari, inson huquqlari sohasidagi yetakchi ekspertlar ishtirok etayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Yaxshi maʼlumki, global iqlim oʼzgarishi oqibatida sayyoramizda keskin ekologik vaziyat yuzaga keldi. Ichimlik suvi taqchilligi, atrof-muhit ifloslanishi, tuproq yemirilishi, kuchli chang va qum boʼronlari, bioxilma-xillikning yoʼqolishi, qishloq xoʼjaligi hosildorligining pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.

Barcha qitʼalarda va mamlakatlarda bu jarayonlarning salbiy taʼsiri yanada kuchayib bormoqda. Аyniqsa, havo haroratining oshishi jahondagi oʼrtacha koʼrsatkichdan ikki barobar koʼp boʼlgan va Orol fojiasini boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida buning oqibatlari yaqqol sezilmoqda.

Ekologik inqiroz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʼlidagi eng asosiy toʼsiq va tahdidga aylandi, global miqyosda qashshoqlik bilan bogʼliq muammolar koʼpaymoqda, insonning sogʼliq, toza suv, oziq-ovqat va uy-joyga boʼlgan huquqlarini taʼminlash xavf ostida qolmoqda. Bundan avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, xususan, nogironligi boʼlgan shaxslar, keksalar, ayollar va bolalar jiddiy aziyat chekmoqda.

Аlbatta, iqlim oʼzgarishi oqibatida inson huquqlariga yetkaziladigan zararni keskin kamaytirish uchun jahon mamlakatlari birgalikda samarali choralar koʼrishi kerak. Kelajak avlodlar taqdiri uchun barchamiz ulkan masʼuliyatni oʼz zimmamizga oladigan vaqt keldi.

Parij bitimida taʼkidlanganidek, iqlim oʼzgarishiga qarshi choralar koʼrilayotganida, davlatlar inson huquqlarini hurmat qilishi, ragʼbatlantirishi va himoya qilishi, asosiy diqqat-eʼtiborini mazkur sohadagi majburiyatlarini bajarishga qaratishlari lozim.

Hurmatli mehmonlar!

Yangi Oʼzbekistonda iqlim oʼzgarishi muammolari bilan kurashish barqaror rivojlanishni taʼminlashning eng muhim omiliga aylandi. Biz imkon qadar bunday jarayonlarning oldini olish va ularning salbiy taʼsirini yumshatish boʼyicha zarur choralarni koʼrmoqdamiz.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda insonning qulay atrof-muhitga boʼlgan huquqi alohida bobda mustahkamlangan. Davlatning atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʼyicha vazifalarni amalga oshirish majburiyatlari belgilab qoʼyilgan.

Shuningdek, Orolboʼyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish va tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga va uglerod neytralligiga oʼtish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2030-yilga borib mamlakatimiz energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 40 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Oʼzbekistonda 1 milliard tup koʼchat ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda oʼrmonzorlar barpo etdik.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bizning saʼy-harakatlarimizni jahon hamjamiyati keng qoʼllab-quvvatlamoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasi tomonidan “Orolboʼyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish”, “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yoʼlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” kabi muhim rezolyutsiyalar bir ovozdan qabul qilindi.

Hech shubhasiz, insoniyat toʼqnash kelayotgan iqlim bilan bogʼliq keskin muammolar oqibatlarini yumshatish inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlib qoladi.

Shu bois, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining “Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish va ilgari surish boʼyicha tashabbusimizni qoʼllab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman.

Siz, azizlar bugungi Forum davomida global miqyosda ekologik vaziyat barqarorligini saqlash, inson huquq va manfaatlariga xizmat qiladigan yangi amaliy takliflarni ishlab chiqasizlar, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, Forum ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolaman.

 

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/7312

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>