OAV va jamoatchilik bilan ishlash
VAZIRLAR MAHKAMASINING DAVLAT TILINI RIVOJLANTIRISH DEPARTAMENTI TASHABBUSI BILAN «DAVLAT TILIDA ISH YURITISH» AMALIY QO‘LLANMASI NASHR ETILDI
  • 11.09.2020
  • 1420

   Kecha poytaxtning Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Fanlar akademiyasi hamkorligida «Davlat tilida ish yuritish» amaliy qo‘llanmasi kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

 

  Taqdimotda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Orif To‘xtashev ham ishtirok etdi.

  «Davlat tilida ish yuritish» qo‘llanmasida tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llaniladigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalari masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. Hujjatlar tegishli namunalar bilan ko‘rsatilgan, qolaversa mazkur qo‘llanmada ish yuritishga oid lug‘atlar aks ettirilgan.

 

 

Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboev qo‘llanma haqida fikr bildirar ekan, kitob birinchi navbatda, tashkilotlar rahbarlari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotiblar, xodimlar bilan ishlash xizmati vakillari uchun ish yuritishda asosiy manba sifatida foydalanish mumkinligi ta'kidladi. Kitob mualliflarining sa'y-harakatlari, mehnatlari e'tirof etildi.

Bu qo‘llanmaning to‘qqizinchi to‘ldirilgan va takomillashtirilgan nashri hisoblanadi. Hozirda 3000 nusxada chop ettirilgan bo‘lsa, adadini yanada ko‘paytirish rejalashtirilayotganligi ta'kidlandi. Kitob Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga chop etildi.

Davlat tilining nufuzi va uning qadr-qimmati uchun kurashish har bir davlatning rivojlanishdagi milliy manfaati hisoblanadi, – dedi filologiya fanlari doktori Nizomiddin Mahmudov. – Bugun mamlakatimizda Davlat tili haqidagi masala davlat siyosatining haqiqiy o‘zagiga aylandi. Shuning natijasida ham O‘zbekistonda yuritilayotgan til siyosatini xolis til siyosati, deya atash mumkin. «Davlat tilida ish yuritish» amaliy qo‘llanmasining ilk nashri 1990-yil chiqqan. Undan keyin chop etilgan kitoblar ham o‘z davrida muhim qo‘llanma hisoblangan. Ammo zamon yangilanish, o‘zgarishga tomon yuz burgandan so‘ng bu qo‘llanmaning ham yangi va mukammal nashriga ehtiyoj bor edi.

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida faoliyat yuritishni boshlagan yangi nashriyot — «O‘zbekiston nashriyoti» davlat unitar korxonasida 3 ming nusxada chop etilgan qo‘llanma tashkiliy hujjatlar, farmoyish hujjatlari, ma'lumot-axborot hujjatlari va xizmat yozishmalari boblaridan iborat.

Prezidentimizning «O‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqyeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni davlat tili maqomi, nufuzini tubdan oshirishga, mustahkamlashga xizmat qilmoqda, – dedi filologiya fanlari doktori Yorqinjon Odilov. – Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitob ushbu sa'y-harakatlarning natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kitob oradan 8 yil o‘tib qayta chop etildi. Shu oraliqda jamiyatda ro‘y bergan islohotlar tufayli ish yuritishda qo‘llanilmaydigan, bugungi kunda ehtiyoj bo‘lmagan hujjatlar qo‘llanmaga kiritilmadi. Ma'lumotlar qayta ishlandi, to‘ldirildi, tahrir qilindi. Eng muhimi, foydalanuvchiga yanada tushunarli va har bir misraning mazmundor bo‘lishi uchun harakat qildik.

 

 

  O‘zbekiston milliy axborot agentligi muxbiri Dilobar Mamatovaning ta'kidlashicha, qo‘llanmada tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llanadigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalariga alohida e'tibor qaratilgan. Ish yuritishga oid lug‘at berilgan.

  Mazkur nashr, avvalo, tashkilotlar rahbari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlariga mo‘ljallangan. Undan hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar ham foydalanishi mumkin.

 O‘zA: http://uza.uz/oz/society/

Batafsil: http://til.gov.uz/uz/

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti elektron manzili: http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

 

>