Yoshlar siyosati
YOSH ENERGETIKLAR: BUGUN XALQARO YOSHLAR KUNI
  • 12.08.2020
  • 1165

   Yodingizda bo‘lsa, 2019-yil 27-dekabrda kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat yoshlari bilan videoselektor tarzida o‘tkazilgan uchrashuvida davlat va jamoat tashkilotlari tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etish va ularning muammolarini o‘rganish hamda yoshlar muammolarini hal etish bo‘yicha bir qator topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan edi. «O‘zbekiston MET» AJ da Yoshlar Ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari tuzilib, yosh energetiklarning tashabbuslariga muvofiq bir nechta uchrashuvlar, davra suhbatlari, mahorat darslari, videoselektor muloqotlari hamda ekskursiya va ekotur-hashar tadbirlari tashkil etilgandi.

 

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/

   Батафсил: http://uzbekistonmet.uz/uz/

   Подробно: http://uzbekistonmet.uz/ru/

   Батафсил: http://uzbekistonmet.uz/uz/

 «...Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.»

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan

 

 

   «O‘ZBEKISTON MET» AJ YOSHLARI

   «O‘zbekiston MET» AJ Investitsion loyihalarni amalga oshirish guruhi muhandisi, Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, Azizbek Botirovning e'tirof etishicha, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ham yoshlarga doimiy ravishda e'tibor qaratilib, zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Ayni paytda 21 ta boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari jamoatchilik asosida faoliyat yuritayapti. 

 

    – Jamiyat tizimida 4700 nafardan ziyod ishchi-xodimlar mavjud bo‘lib, bu tarkibning 1000 dan oshig‘ini yoshlar tashkil qilgan bo‘lsa, ularning 200 ga yaqinini esa xotin-qizlardan iborat. Jamiyat tizimida ishchilar va muhandis-texniklarning o‘ttiz beshtasi o‘rta yoshlilar, rahbar xodim va mutaxassislarning o‘ttiz foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir. Bu raqamlar, shak-shubhasiz, korxonada yoshlar yetakchi, shu bilan birga hal qiluvchi kuch ekanligini tasdiqlaydi. Prezidentimizning 2017-yilda 30-iyun sanasini mamlakatimizda «Yoshlar kuni» deb e'lon qilishlari biz yoshlar uchun katta bayram, Aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.A.Isaqulov aytganidek, yoshlar uchun kamolot cho‘qqisi faqat odob, sport, bilim-saviya va yuksak ma'naviyat orqali erishiladi, – deydi Jamiyat yoshlari lideri.

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/ / http://uzbekistonmet.uz/oz/

   Батафсил: http://uzbekistonmet.uz/uz/ / http://uzbekistonmet.uz/uz/

 «...Yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati — ularning ta'lim-tarbiya olishlari, odob-axloqli va sog‘lom, yuksak ma'naviyatli, har tomonlama salohiyatga ega kasb egasi bo‘lishlariga qaratilgan.»

  D. Isaqulov, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisi

 

 

   YOSHLAR ISHLARI AGENTLIGI

  Bu orada «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (Agentlik) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi. Mamlakatimiz yoshlari, xususan yosh energetiklar 2020 yil 30 iyun sanasida imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4768-son Qarori bilan batafsil tanishishi, Agentlik orqali O‘zbekiston yoshlariga yaratiladigan imkoniyatlardan samarali foydalanishlari maqsadga muvofiq.

   Qaror: https://www.lex.uz/

   Қарор: https://www.lex.uz/

   Постановление: https://www.lex.uz/

   Mazkur Agentlik faoliyati yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqishi va amalga oshirishi, shu bilan birga, yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishi bilan ahamiyatli.

   Manba: https://yuz.uz/

 

 

   12-AVGUST: «XALQARO YOSHLAR KUNI» TARIXI

   Birlashgan Millatlar Tashkiloti ilk bora 1985-yilda «Xalqaro yoshlar kuni»ni nishonlagan edi. O‘zining o‘n yillik faoliyatini nishonlash munosabati bilan BMTning Bosh Assambleyasi butun dunyoda yoshlarning sharoitini, turmushini yaxshilashga qaratilgan Umumjahon yoshlar dasturini joriy etdi. Ushbu dasturda asosan ta'lim, bandlikni ta'minlash, qashshoqlik va ochlik bilan kurash, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza etish, giyohvandlikka qarshi kurash, voyaga yetmagan shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar tadbirlar, xotin-qizlar huquq va manfaatlari, globalizatsiya, axborot va aloqa texnologiyalari, OITS/OIVga qarshi kurash, yoshlar va qurolli to‘qnashuvlar hamda avlodlararo munosabatlar kabi masalalar qamrab olingan.

 

   Ayni paytda Umumjahon yoshlar dasturining yoshlarning rivojlanishi, komillikka yetishidagi o‘rni nihoyatda kattadir. Dastur yoshlar bilan bog‘liq turli masalalarni yechishda dunyo mamlakatlarining salohiyatini oshirish hamda yoshlar jamiyat hayotida to‘laqonli va faol ishtirok etishi uchun keng ko‘lamdagi imkoniyat va sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

   1999-yilning 17-dekabr kunida BMT Bosh Assambleyasi o‘zining 54/120-raqamli qarori bilan Xalqaro yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi vazirlar konferensiyasida (Lissabon, 1998-yil 8–12-avgust sanasi) taklif etilgan tavsiyasini, ya'ni 12 avgust sanasini «Xalqaro yoshlar kuni» deb e'lon qilinishini qabul etdi.

    Manba: http://www.un.uz/uzb/

  «...Ushbu tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan yilda dunyo mamlakatlari yetakchilari barqaror taraqqiyot dasturini belgilab olishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan, mazkur sa'y-harakatlarga yoshlarning jalb etilishi nihoyatda muhimdir. Mazkur tarixiy kunda men barcha yoshlarni hammamiz uchun zarur bo‘lgan taraqqiyot yo‘liga chorlayman.»

    BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, 2015-yil

 

 

   YOSHLAR XALQIMIZ, DAVLATIMIZNING BEBAHO BOYLIGI

   Dunyo aholisining qariyb 25 foizini yoshlar tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi. Yoshlar xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligi. Ular uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 12-avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016-yil 24-avgustda ma'qullangan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasining Qonuni mamlakatimiz yoshlari uchun alohida e'tibor va e'tirof namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

   Qonun: https://www.lex.uz/

   Қонун: https://www.lex.uz/

   Закон: https://www.lex.uz/

 

   2020-yil 30-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6017-son farmoni mamlakatimizda yoshlarni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta'minlash vazifalarini o‘z ichiga olgan muhim e'tirof desak, ayni haqiqat.

 «Aziz yoshlar!
Barchangizni «Xalqaro yoshlar kuni» munosabati bilan chin qalbdan samimiy qutlayman. Sizlarga sihat-salomatlik, kasbiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Biz — yosh energetiklar sohaning kelgusidagi taraqqiyoti, mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovon hayoti uchun bugun puxta bilim-tajriba egallashimiz, ta'bir joiz bo‘lsa, madaniyat, san'at, sport, axborot texnologiyalari bo‘yicha yetuk avlod vakillariga aylanishimiz lozim.»

   Azizbek Botirov, Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi

 

 

   YOSH AVLODDA QAT’IY FUQAROLIK POZITSIYASI

   Alohida e'tirof etish lozimki, mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

   So‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekistonda 30-iyun — «Yoshlar kuni» deb e'lon qilindi. Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarimizni rag‘batlantirib borish maqsadida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti va «Kelajak bunyodkori» medali ta'sis etildi.

   Yoshlarni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta'minlash vazifalarini o‘z ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda.

 

   Shu bilan birga, yoshlarda zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali ularning bandligini ta'minlash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yosh avlodda mustahkam vatanparvarlik g‘oyasi hamda qat'iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasida qator muammolar mavjud. O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar sohasidagi muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish — bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri.

   Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida yoshlar siyosati masalalariga alohida e'tibor berilib, ularning kasbiy mahorati yuksalishiga ijobiy ta'sir etish choralari ko‘rilmoqda. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.

 

 Ulug‘bek Urunov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>