Yangiliklar
MUBORAK AYYOM QUTLOVI
  • 30.07.2020
  • 616

   Aziz jamoadoshlar, hurmatli hamkasblar!

   Bu qutlug‘ ayyomda hammamiz, avvalo, shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va e'tibor ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma'no-mohiyati bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga g‘oyat uyg‘un va hamohangdir. Ayni chog‘larda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan koronavirus kasalligi tezroq arishini, bemorlarga komil shifo berishini Haq taolodan so‘rab qolamiz.

   Ta'kidlash joizki, Qurbon hayiti buyuk bayram va quvonchli voqyeadir. Bu oyda imkon qadar qilinadigan savobli amallar ajri juda ham ulug‘. Demak, mo‘min-musulmonlar ko‘proq xayrli ishlarni qilishsa, ko‘proq savobga ega bo‘lishadi.

   Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Ta'kidlash kerakki, bu yil Qurbon hayitini karantin talablariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli nishonlaymiz. Birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni telefon qo‘ng‘irog‘i orqali yo‘qlaymiz. Ularning ko‘nglini so‘rash va ko‘tarishga harakat qilamiz. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Zero, ulug‘ allomalarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori bo‘lgan Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim.

   Demakki, bu o‘rnatilgan tartib-qoidalarni to‘g‘ri tushungan holda amal qilib, boshga kelgan sinovlarni sabr-qanoat ila yorug‘ kunlarga umid bilan yengib o‘tish lozim bo‘ladi. Siz azizlarni Islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etuvchi bayram — Qurbon hayiti bilan chin qalbdan muborakbod etaman!

   Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, energetika sohasining rivoji uchun qo‘shayotgan munosib hissangiz qadrli. Aholi, ijtimoiy soha obyektlari, iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan ta'minlash ishonchliligini oshirish yo‘lidagi samarali mehnatingiz uchun tashakkur!

   Sizlarga oilaviy baxtu saodat, sihat-salomatlik, Jamiyatimiz ravnaqi yo‘lidagi ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman! Yaratgan butun dunyoga ofiyat bersin! Kelasi shu oy, shu kunlarga sog‘-salomat, tinchlik-osudalikda yetib borishimizni nasib aylasin! Yana bir bor barchangizga Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

 

Dadajon Aynaqulovich Isaqulov,

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi

>