OAV va jamoatchilik bilan ishlash
BU YUK — BUYUKLIKDAN DARAK
  • 30.06.2020
  • 725

  Yuksak iftixor bilan aytish mumkinki, shu kunlarda millatimiz ko‘zgusi deya ta'riflaydiganimiz – O‘zbek tilining sofligini saqlash va albatta uning lug‘at boyligini oshirish, barcha sohalarda qo‘llanib kelinayotgan zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobillarini yaratish borasida yana bir dadil qadam qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan yangi nusxadagi o‘zbek tilining izohli lug‘ati yaratildi. 5 jilddan iborat mazkur qo‘llanmaga sakson mingdan ortiq o‘zbek adabiy tilida iste'molda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san'at va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qo‘llaniladigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga oladi.

  Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, yuragida milliy g‘ururi bor va o‘zligini unutmagan har bir vatandoshimiz uchun bu juda quvonchli voqyealardan biridir!

  Rostini aytish kerak, ona tilimiz oldida barchamiz biroz xijolatli edik. Negaki, mustaqil bo‘la turib, eng muhim vazifamizni negadir paysalga solib keldik, “erta”ga tashladik. Bu kabi holatlarni sinchkovlik bilan nazardan o‘tkazgan Muhtaram Prezidentimizning rahnamoligi ostida Ona Tilimizga qaytadan yuksak hurmat ko‘rsatila boshlandi. Bu borada ko‘plab qaror va farmoyishlar qabul qilindi, xayriyatki, yarashiqli ishlarimiz bo‘y ko‘rsata boshladi.

  O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Davlatimiz Rahbari “Ona tilimiz – milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, – degan edilar. Bu so‘zni qalban his qilgan kishi o‘zi uchun katta majburiyat olishi muqarrar!

  Muqovasiga zarhal bitiklar ila “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” deb yozilgan mazkur kitoblar jamlanmasi har bir o‘zbek xonadonida bo‘lishi kerak va sevimli shoirimiz Sirojiddin Sayyid tili bilan aytganda, “...mening borim sen bilandir, yo‘g‘im sen bilan, katta yo‘lga chiqqan ulug‘ karvonim, Vatan!” deya qo‘lga olinmog‘i lozim.

  Xullas, bu borada aytadigan gaplarim ko‘p. So‘zimni qisqa qilib, O‘zbegim Kitobini mehr ila varaqlashga tushaman. Alifbo tartibida berilgan so‘zlarning dastlabkilariga ko‘zim tushadi: ABAD, ABADIY, ABADIYLIK... Nogoh bu so‘zlardan ko‘zlarim “suv ichadi”, lablarim beixtiyor pichirlaydi: “Seni abadulabad e'zozlaymiz, ey, Onajon Til!”

  5 jilddan iborat ulkan va shu bilan birga ko‘rkam qo‘llanmani qabul qilarkanmiz, tadbir ishtirokchilaridan biri Kitobning zalvoridan gapirib qoldi. Darhaqiqat, BU YUK — BIZNING BUYUKLIGIMIZdan darak edi go‘yo!

Orif TO‘XTASHEV,

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati

raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

>