Ma'lumki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi yuqori kuchlanishli podstansiyalar strategik ahamiyatga ega qo‘riqlanadigan maxsus obyektlar hisoblanadi. Bunday podstansiyalarga avtotransport va mexanizmlar, shuningdek mehnat faoliyat yurituvchi mutaxassis-xodimlarning kirib-chiqishi qat'iy qaydnoma shartlari hamda xavfsizlik texnikasi qoidalariga to‘liq amal qilgan holda amalga oshiriladi.
O‘z-o‘zidan ayonki, Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlarining jismoniy-ruhiy tayyorgarligi muhim ahamiyatga ega va bu ko‘rsatkichlar Jamiyat mas'ul xodimlari tomonidan alohida nazoratga olingan. Misol uchun, qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlarining jismoniy tayyorgarlik darajasi ular o‘rtasida turli musobaqalar uyushtirish va g‘oliblarni rag‘batlantirish orqali aniqlanib boriladi. Shuni e'tiborgan olgan Birlashgan kasaba uyushmalari xodimlari esa bunday musobaqalar g‘olib va ishtirokchilarini turli esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlashni o‘z zimmalariga olgan.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyat ma'muriyatining 2020-yil 27-maydagi «O‘quv dasturlariga muvofiq Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlari jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha normativlar topshirishi to‘g‘risida»gi topshiriqnomasiga asosan yaqinda «Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali tasarrufidagi 500 kVli «Surxon» podstansiyasida sport musobaqa o‘tkazildi. Bosh maqsad aniq — podstansiyalar barqaror faoliyati uchun zarur omillardan biri bo‘lgan xavfsizlik shartlarini ta'minlashda, mas'ul xodimlarning xizmat faoliyatini takomillashtirishda jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish.
II chorak yakunlari bo‘yicha komissiya tarkibi: Xavfsizlik va maxsus ishlar guruhi yetakchi muhandisi F.Y.Qudratov, kasaba uyushma qo‘mitasi raisi B.T.Orziqulov, Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi boshlig‘i A.A.Abdurahmonovlar tomonidan podstansiya qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlarining jismoniy tayyorgarligi o‘rganib chiqildi. O‘quv dasturi normativlariga asosan 3 kilometr va 100 metr masofaga yugurish hamda turnikka tortinish bo‘yicha yuqori ball to‘plagan 1-, 2- va 3-o‘rin sohiblari aniqlandi. Musobaqa tanlovi g‘oliblariga filial kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
1-o‘rin A.M.Xoliyarov — changyutgich;
2-o‘rin R.T.Ashurov — elektr pechi;
3-o‘rin D.L.Mamatmurodov — oshxona elektr plitasi.
Musobaqa davomida olingan fotosuratlardan ma'lumki, o‘tkazilgan bunday tadbirlar harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlarining jismoniy tayyorgarligi darajasini oshirishga xizmat qilishi bilan birga jamoa o‘rtasida sog‘lom muhit yaratishga, mehnat faoliyati samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
F.Y. Kudratov,
«Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali
Xavfsizlik va maxsus ishlar guruhi yetakchi muhandisi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati