OAV va jamoatchilik bilan ishlash
HAR BIR ISHDA MA'NAVIYAT USTUVOR BO‘LMOG‘I LOZIM
  • 19.06.2020
  • 1015

  Joriy yilning 15–17-iyun kunlari «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash ishlari bo‘yicha maslahatchisi Orif To‘xtashev tomonidan Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi filiallarga xizmat safari uyushtirildi.

  Safar mobaynida «Xorazm MET» hamda «Qoraqalpoq MET» filiallarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar jamoasi o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, o‘z faoliyatiga fidoyilik va sadoqat bilan yondashish, sohaga va, albatta, sohadoshlarga hurmatda bo‘lish, shuningdek, davlat tilida ish yuritish borasida hukumatimiz tomonidan qo‘yilayotgan barcha talab va qoidalarga so‘zsiz amal qilish kabi masalalarga e'tibor qaratildi.

 

 

  Dastlab Urganch shahrining markaziy ko‘chalariga yondosh manzilda qurilgan va barcha qulayliklarga ega binoga joylashgan «Xorazm MET» filiali ishchi-xizmatchilari ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi.  Ushbu uchrashuv asnosida filial xodimlari bilan dildan suhbatlashildi. Jamoadagi ahillik kayfiyati, bir-birovga hurmat va imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish, qolaversa, bir jamoada ishlash — bir oila a'zolari singari yaqinlik belgisi ekanligi xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, yurtimiz hukumati tomonidan ham korrupsiya va shunga o‘xshash tuban illatlarga qarshi olib borilayotgan ishlar ta'kidlab o‘tildi.

  Shu kunlarda butun respublikamiz bo‘ylab davlat tiliga alohida e'tibor qaratilishi natijasi o‘laroq, joylardagi, ko‘cha-ko‘ydagi reklama bannerlari, boshqa tilda yozib qo‘yilgan do‘kon nomlari o‘zgartirilmoqda. Bu ish, tabiiyki, korxona-tashkilotlar nomiga va olib borayotgan ishiga ham bog‘liq hisoblanadi. Endilikda barcha xat-hujjatlar birinchi navbatda davlat tilida va albatta savodxonlik bilan yozilishi lozim. Shu ma'noda, filialdagi hujjatlar bilan ish olib boruvchi xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Filial va uning tasarrufidagi nimstansiyalarni tanishtiruvchi yozuvlari bo‘yicha ham tegishli yo‘nalishlar bayon qilindi.

  Suhbat jarayonida shu narsa ayon bo‘ldi-ki, aksariyat xodimlar o‘zi faoliyat yuritib turgan ishdan qalban qoniqish hosil qilgan. Maoshlarning o‘z vaqtida berilayotganligi, ko‘pgina shart-sharoitlar mavjudligi alohida e'tirof qilindi. Shuningdek, yorug‘ va shinam mehnat xonalariga yarashiqli tarzda yangi mebellarga, stol-stullarga ehtiyoj mavjudligi ochiqlandi. Qolaversa, mehnat sifatini yaxshilash yo‘lida eski rusumdagi bir qancha kompyuterlarni yangilash va imkoni bo‘lsa, bugungi qaynoq kunlar uchun bitta muzlatgich xarid qilish zarurligi aytib o‘tildi. Bundan tashqari, filial uchun alohida laboratoriya xonasiga katta ehtiyoj borligi ayon bo‘ldi.

  Suhbat davomida turdosh tashkilot vakillarining oylik maoshlari filial xodimlari maoshlaridan biroz farqli ekanligi, ammo mehnat jarayoni esa bir-biridan aslo farq qilmasligi bildirildi. Va belgilab qo‘yilgan me'yordan ortiq tarzda ish olib borayotgan ishchi-xodimlarni moddiy rag‘batlantirish qaysidir ma'noda mehnat samaradorligiga ijobiy ta'sir o‘tkazishi ta'kidlab o‘tildi.

  Suhbat yakunida boshqaruv raisining maslahatchisi tomonidan faol ishchi-xodimlarning mehnat ta'tilini o‘tkazish jarayonlariga e'tibor qaratilib, ularga tizim tasarrufidagi dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlariga yo‘llanmalar  taqdim etish mumkinligi alohida aytib o‘tildi.

 

 

  Shundan so‘ng, «Xorazm MET» filiali tasarrufidagi mavjud nimstansiyalarga borilib, u yerlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan tanishib chiqildi. Tashrif jarayonida «Xazorasp» nimstansiyasida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar uchun ichimlik suvi masalasi biroz muammoli holatda ekanligi, biroq ayni kunlarda mazkur masala yechimi ustida ishlar olib borilayotganligi ma'lum qilindi. 1976-yildan buyon uzluksiz tarzda ish olib borilayotgan ushbu nimstansiya binosining ichki ko‘rinishi ta'mirtalab ekanligi, sovutgich uskunalari biroz taqchilligi, shuningdek, kabel kanalini yopib turuvchi beton qoplamalarga ayni paytda ehtiyoj mavjudligi bayon qilindi.

  Shuningdek, safar mobaynida «Qoraqalpoq MET» filiali tasarrufidagi nimstansiyalar sharoiti bilan tanishish maqsadida «Beruniy», «Qoraqalpog‘iston» hamda «Texnologik» nimstansiyalariga borilib, u yerda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbat qilindi. Mavjud muammoli holatlar, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Nimstansiyalarda ishlab kelayotgan oddiy ishchi-xizmatchilarga berilayotgan maoshning miqdori biroz kam ekanligi, ammo ish hajmi yetarli tarzdaligi bayon qilindi.

  Bir-biridan ancha olis chaqirimda joylashgan nimstansiyalardagi sharoitlar qoniqarli tarzda ekanligi, ta'mirtalab binolar yo‘qligi va texnikalar ham yangi o‘rnatilgan bo‘lib, bir maromda ishlab turilganiga guvoh bo‘lindi.

  Safarning so‘nggi kunida «Qoraqalpoq MET» filiali joylashgan binoda ko‘psonli ishchi-xodimlar bilan ma'naviy-ma'rifiy suhbat tashkil qilindi. Mazkur yig‘ilishda ham yuqorida aytib o‘tilgan barcha masalalarga oid muhokamalar, tegishli takliflar ilgari surildi. Xususan, ayni paytda filial joylashgan binoning xonalari juda kamligi, bu esa mehnat samaradorligiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmasligi ta'kidlab o‘tildi. Bundan tashqari, mavjud kompyuterlarni yangilash, printer-skaner singari zamonaviy uskunalar, yangi stol-stullar, ish jarayoni uchun muhim bo‘lgan barcha jihozlar, shuningdek, maxsus sohaviy texnikalarda ham taqchilliklar kuzatilayotganligi aytib o‘tildi.

  Bir so‘z bilan aytganda, mazkur hududlarda ishlar bir maromda olib borilmoqda. Ma'naviy-ma'rifiy suhbat asnosida ham barcha jamoa a'zolari mehnat qonunchiligida aks ettirilgan tarbiyaviy jarayonlar bilan qaytadan tanishtirildi. Filiallarda sog‘lom muhitga alohida e'tibor qaratilishi lozimligi, bu esa albatta, faoliyat samaradorligining eng muhim omillaridan biri ekanligi ta'kidlandi. Mavjud taqchillik va kamchiliklarning o‘z yechimini topishida ham asosan xodimlar fidoyiligi va hamjihatligi asosiy o‘rinda turishi bir ovozdan ma'qullandi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>