OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Energetika sohasidagi muammolar kelgusi yil takrorlanmasligiga kafolat bormi? (+video)
  • 26.01.2023
  • 303

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali O‘zbekiston fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Hakimjon Murodov ishtirokida «Energetika sohasidagi muammolar kelgusi yil takrorlanmasligiga kafolat bormi?» mavzusida ovozli chat bo‘lib o‘tdi.

Xo‘sh, energetika tizimidagi muammolar kelgusi yilda takrorlanmasligi uchun nima ishlar qilish kerak? Bu borada olimlar qanday takliflar berishadi?

Saytimiz kuzatuvchilari yo‘llagan savollarga ekspert tomonidan berilgan javoblarning matn hamda videohavolasini taqdim etamiz.

– Bu yilgi energetika sohasidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan olimlar qanday izlanishlar olib boryapti?

 Ko‘pmillatli xalqimizni sifatli energiya bilan ta’minlash masalasi asosiy vazifalarimizdan. Respublikamizda energiyaning qayta tiklanadigan turlari, zaxiralari ko‘p emas. Ma’lum darajada chegaralangan. Biz yangi energiya turlarini aniqlab, ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tadqiqotlar olib boryapmiz.

– Har yili kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qilingani haqida juda ko‘p gapiramiz, aniqrog‘i, bong uramiz. Afsuski, bu yilgi voqealar tayyorgarlik deyarli yo‘qligini ko‘rsatdi. Aslida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qanday bo‘lishi kerak?

– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lishi uchun eng avvalo soha xodimlari har bir mahallada yangi qurilgan binolar, savdo shoxobchalaridagi iste’molchilarning hajmini o‘rganishlari kerak. Yangi iste’molchi hisobiga eski iste’molchilarning energiya quvvatiga shikast yetmasligi uchun mavjud texnikalar yaroqliligini ko‘zdan kechirib chiqishlari shart. Daraxtlarning simga tegib turadigan shoxlarini kesish, uylarning tomlarini ko‘zdan kechirish zarur. Shunda elektrni ortiqcha sarfdan tejab qolamiz.

– Energetika vazirligi bilan institut olimlari o‘rtasida hamkorlik qay darajada?

– Hayotimizning har bir jabhasi ilm-fan bilan bog‘liq. Ilmsiz biror narsaga erishib bo‘lmaydi. Ilm bor joyda o‘sish, samara bor. Energetika vazirligi o‘zlarining ichki muammolari bilan ko‘proq band bo‘lib qolishdimi, ilmga unchalik e’tibor qilmay qo‘yishdi.

bugungi kunda sohada bo‘layotgan voqealar bu masalada o‘zgarishlar bo‘lishiga, hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga turtki bo‘ladi, deb umid qilamiz.

– Kelajakda elektr energiyasi ta’minotini takomillashtirish yuzasidan yurtimiz xususiyati va iste’molchilar manfaatidan kelib chiqib, qanday olamshumul o‘zgarishlar amalga oshiriladi?

– Xalqimizning asosiy qismi shu masalalar hal bo‘lishini kutishyapti, energetikada o‘zgarishlar bo‘ladi, deb ishonishyapti. Respublikamiz sharoitida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning 85 foizi tabiiy gaz yoqish hisobiga hosil qilinadi. Bu juda murakkab muammo. Masalan, qo‘shni mamlakatlarda gidroresurslar, oqib turgan suvlar anchagina bemalol. Bizda bu narsalar tanqisligi seziladi. Biz gazni qazib olgach, uni foydalanadigan holga aylantirish uchun yana bir marta harakat qilamiz.

bugungi kunda tabiiy gazning  foydali koeffitsiyentini oshirish, kichik gaz porshn dvigatelli elektr stansiyalar, mikrogeslar qurilish ishlari boshlangan. Albatta bular o‘zining natijasini beradi.

– Bu yil poytaxtda kutilmagan holat, ya’ni elektrda uzilishlari ko‘p bo‘ldi, podstansiyalar yonib ketdi. Bunga sabab nimada deb o‘ylaysiz?

– Yaqin yillargacha poytaxtimizda elektr energiyasi uzilib qolibdi, degan so‘zlarni deyarli eshitmasdik. Viloyatda yashaydiganlar poytaxtda elektr o‘chmaydi, deb havas qilishardi. Bu yil tamoman aksi bo‘ldi. Buning asosiy sabablaridan biri Toshkent qurilishlar shahriga aylanib qoldi. Yangi inshootlar qurilgani yaxshi, ammo energiyaga talab oshishi ham hisobga olinishi kerak.

Gaz ob’ektlarimizni yana bir karra ko‘rib chiqib, ulardagi kamchiliklarni tuzatish, modernizatsiyalash, kerak bo‘lsa, almashtirish masalalari energetiklar uchun oddiy holat. Shu ishlarni qilish uchun yil boshidan maxsus buyruqlar chiqariladi, vazifalar belgilanadi. Nazoratning sustligi, e’tiborsizlik yoki ma’lum bir moddiy qiyinchiliklar sababli shu ishlar yakuniga yetmadi. Biz iqlim o‘zgarib, qish bo‘lmaydi, degan fikrga ishonib qoldik. Shunday paytlarda muammosi bor ob’ektlar ko‘rinib qoldi. Hukumatimiz rahbarlari bunga qarab turmadi. Viloyatlardan mutaxassislar jalb qilindi, texnikalar olib kelindi, ular kechayu kunduz to‘xtamasdan ishlashdi va bu harakatlar o‘zining natijasini berdi.

– Bu yilgi muammolar keyingi yilda takrorlanmasligi uchun soha mutaxassislariga qanday takliflar berasiz?

– Avvalo bu yilgi muammolardan saboq chiqarishimiz kerak. O‘zimiz qancha elektr energiya yoki gaz ishlab chiqara olamiz? Eng avvalo shuni aniqlashimiz kerak. Energiyamiz qanchaga yetadi, agar yetmasa, qaysi muqobil joydan olishimiz mumkin? Qaysi qo‘shni davlatlar bizga energiya berib tura oladi? Shu kabi masalalarni hal qilishimiz shart.

Qolaversa, energetika ob’ektlarining holatini qayta-qayta ko‘rib chiqish zarur. Keskin modernizatsiya bo‘lsa ham, ularning holatini ma’lum darajada o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.

Nigora Rahmonova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>