Insoniyat shaharlar qurishga o‘rganib olganidan beri ko‘pchilik shaharga intiladi, har holda yosh va quvvatga to‘la odam shaharda yashashni istashi bor gap. Chunki shahar – imkoniyatlar makoni, shaharda hayot qaynaydi. Ko‘p ishlar qilsa bo‘ladi, qulayroq yashash mumkin.
Qulay, xavfsiz, xotirjam va yaxshi yashash borasidagi namuna shaharlar ko‘p. Bu borada kimdir Praga, Budapesht, Sofiya kabi Sharqiy Yevropa shaharlarini, yana kimdir rivojlangan Yevropa va AQSh shaharlarini, yana boshqa birov Dubay, Tokio, Istanbul kabi megapolislarni, yana boshqa birov kichikroq “millionlik” shaharlarni ma’qul ko‘radi.
Yuqoridagi istalgan shaharni u yoki bu darajada rivojlangan, qulay va yashash uchun komfort shahar, deyish mumkin. Elektr, gaz, suv ta’minotining uzluksizligi, oqova va drenaj tizimining mukammalligi, yashil va sokin hududlar hamda turli boshqa ko‘ngilochar obektlarning yetarli ekani – shahar aholisi uchun o‘ta muhim faktorlar.
Xo‘sh, O‘zbekiston shaharlari, jumladan mamlakat bosh kentida ahvol qanday?
• Yaqindagina lavozimidan bo‘shatilgan hokimdan so‘ng Toshkent qay ahvolda qoldi?
• Mamlakatimizning boshqa shaharlaridagi ahvol bosh kent bilan bir xilmi?
• Biz ko‘rgan anomal sovuq oqibatida nima uchun energetika kollapsi yuzaga keldi?
• Shaharsozlik normalariga rioya qilinadimi?
• O‘zi shahar qurish qanday bo‘lishi lozim?
• Energetik inqiroz darhaqiqat bor narsami yo kollaps faqat palapartish qurilishlar natijasimi?
• Sobiq hokim davrida qanday xatolarga yo‘l qo‘yildi?
• Bundan buyon nimalar qilsak to‘g‘ri bo‘ladi?
Savollar ko‘p. Nafaqat jurnalistlarda, balki oddiy odamlarda ham savollar ko‘p va eng achinarlisi, bu savollarga javob beradigan mas’ulning o‘zi yo‘q. Sobiq hokimning salkam 5 yillik faoliyatida asrlarga tatigulik xatolarga yo‘l qo‘yilgani bor gap. Amaldorlar jim ekan, yuqoridagi savollarga biz – mutaxassis va jurnalistlar javob topishga urindik. Balki (umid juda kam) mutaxassis va shaharlarning rosmana egasi – xalqning fikriga endi quloq solishar? Balki bu chiqishlarimizning kelgusida nafi tegib qolar?
Ayni shu maqsadda Kun.uz jurnalisti Bobur Akmalov #Boricha podkastining navbatdagi sonida shaharsoz mutaxassis Temurbek Ahmedov, energetika bo‘yicha mutaxassis Sarvar Qurbonov va ekofaol Nodira Olimova bilan suhbatlashdi.
Manba: https://kun.uz/uz/77603182
https://t.me/kunuzofficial/131962
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati