Dunyo tarixda birinchi marta jiddiy energetika inqiroziga duch keldi, ammo bu toza energiya rivojlanishiga jiddiy turtki berdi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi (IEA) ijrochi direktori Fotih Birolga tayanib, “TASS” xabar berdi.
“Biz ilgari hech qachon bunday energetik inqirozga duch kelmaganmiz. Shu bilan birga, bu toza energiya rivojiga katta turtki berdi”, — dedi Birol.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ilgari qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishda asosiy omil atrof-muhitga g‘amxo‘rlik bo‘lgan bo‘lsa, endi ular energiya xavfsizligini ta’minlash uchun zarur.
“Energetika xavfsizligi muammolarini uzoq muddatli istiqbolda hal qilish toza energiya, qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan bog‘liq”, — dedi u.
Birol shuningdek, dunyoda elektromobillar soni muttasil ortib borayotganini qo‘shimcha qildi.
“Agar 2019-yilda sotilgan 100 ta avtomobildan atigi uchtasi elektromobil bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 13 taga yetdi. Agar shunday davom etsa, 2030-yilda Yevropa, AQSH va Xitoyda sotiladigan har ikkinchi avtomobil elektromobil bo‘ladi”, — dedi u.
IEA qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish bo‘yicha hisobotida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarishning umumiy o‘rnatilgan quvvati 2020—2026-yillar oralig‘ida 60 foizga oshib, 4,8 ming GVtga yetishini ham ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqidagi issiq ob-havo mintaqani energiya inqirozidan qutqarayotgani haqida xabar berilgandi.
Manba: https://daryo.uz/2023/01/17/global-energetika-inqirozi-toza-energiya-rivojlanishiga-turtki-boldi-iea
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati