OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning Keniya tajribasi»
  • 07.01.2023
  • 313

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tadqiqotchilari elektr energetikasi tizimini isloh qilish borasida Keniyada amalga oshirilgan ishlarni o‘rgandi.2002-2008-yillarda Keniya iqtisodiyotida rivojlanish bilan bir qatorda energiyaga bo‘lgan talab o‘rtacha 7 foizga oshgan. Mamlakatning energetika tizimi esa bu talabni qondira olmasdi. Bu holat energetika tizimida islohotlar zarurligidan dalolat berardi.

Energetika tizimini transformatsiya qilish jarayoni:

O‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida elektr energiyasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va sotish sohasida dastlabki xususiylashtirish jarayoni boshlandi. Bu jarayon quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi:

  •     2003-yilda qishloq aholisini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun “Qishloqlarni elektrlashtirish dasturi” joriy qilindi;
  •     2004-yilda energetika siyosati isloh qilindi;
  •     2005-yilda tariflar o‘zgartirildi;
  •     Energetika sohasidagi nizolarni hal etish uchun Hakamlik sudining tashkil etilishi energetika tizimida teng raqobatli bozorni yaratishda muhim rol o‘ynadi.
  •     2006-yilda Energetikaga oid qonun qabul qilindi.
  •     2008-2009-yillarda mamlakatda qurg‘oqchilik bo‘lganligi sababli elektr energiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasini 16% dan 12% ga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Energetika sohasidagi olib borilgan tarif siyosati Keniyada uy xo‘jaliklari uchun narxlar o‘sib boruvchi tariflar tizimi quyidagicha yo‘lga qo‘yildi:

  1.     Oyiga 50 kVt/soatgacha iste'mol qiluvchilar uchun narx 2 Keniya shillingida (0,016 AQSh dollari) hisoblandi;
  2.     Oyiga 51 kVt/soatdan 1500 kVt/soatgacha iste'mol qiluvchilar uchun narx 8,1 Keniya shillingida (0,066 AQSh dollari) hisoblandi;
  3.     Oyiga 1500 kVt dan ortiq energiya iste'mol qiladigan uy xo‘jaliklari uchun 18,57 Keniya shillingi (0,15 AQSh dollari) miqdorida tarif stavkasi qo‘llanildi.

Yutuqlar:

  •     Islohotlar tariflarni 0,07 dollardan 2006-yilda 0,15 dollargacha, 2009-yilda 0,19 dollargacha oshirish imkonini berdi. Bu esa energiya ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qoplash imkonini berdi.
  •     2002-yilda elektr energetikasi tizimi uchun ajratilgan mablag‘lar YaIMga nisbatan 0,6% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2008-yilga kelib, bu ko‘rsatkich deyarli nolga tushdi.
  •     2000-yillarda elektr energetikasi sektorining qo‘shimcha xarajatlari uchun byudjetdan mablag‘ ajratish sezilarli darajada kamaydi.
  •     Investitsiyalarning jalb qilinishi, xususiy sektorning ishtirokini oshirib, islohotlar muvaffaqiyatini ta'minladi.
  •     Elektr energiyasi ta'minoti tizmiga yangi ulanganlar 2003-2004-yillardagi 43 000 tadan, 2008-2009-yillarda 200 000 tagacha oshdi.
  •     Energetika tizimida yetkazib berishdagi yo‘qotishlar ham asta-sekin 2000-yildagi 21% dan 2009-yilda 15,5% gacha qisqardi.
  •     2003-yildagi “Qishloqlarni elektrlashtirish dasturi” natijasida tizimga ulanganlar soni 650 mingtadan 2 milliontagacha yetdi.

Xulosa

Keniya tajribasi tarif stavkalarining oshirilishi xarajatlarni qoplash, aholining kam ta'minlangan qatlamlariga elektr energiyasini arzonroq narxda yetkazib berish imkoniyatini yuzaga keltirishini ko‘rsatadi. Islohotlarni amalga oshirish uchun 10 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ldi. Tariflarni oshirish eng yaxshi chora bo‘ldi. Chunki bu sifatli xizmat ko‘rsatish va elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishning omili edi.

Material Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2013-yildagi tahliliy hisobotlari asosida tayyorlandi.


Manba: https://nuz.uz/uz/fan-va-tehnologiya/1210123-elektr-energetikasi-so%D2%B3asini-islo%D2%B3-%D2%9Bilishning-keniya-tazhribasi.html

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>