Prezidentimizning 2022-yil 30-dekabrda “Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida quvvati 1573 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-464-son qarori imzolandi.
Unga asosan, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 61,9 gektar maydonida zamonaviy “H” toifasidagi kombinatsiyalangan siklda ishlaydigan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi quriladi. Mazkur stansiya 2026-yilda ishga tushiriladi.
Loyiha doirasida foydali ish koeffitsiyenti 60 foizdan yuqori bo‘lgan qurilmalarni o‘rnatish hisobiga yiliga 12 mlrd kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va buning natijasida yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Ahamiyatli jihati, obyekt qurilishi davomida 2500 nafar, ishga tushirilgandan so‘ng esa 120 nafar doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Taʼkidlash joizki, mazkur yirik loyiha xalqaro ochiq tender savdolarini o‘tkazish orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida o‘tkazilgan xalqaro ochiq tenderda 2021-yil 19-noyabr kuni “EDF International S.A.S.” (Fransiya), “Nebras Power Investment Management B.V.” (Qatar), “Sojitz Corporation” (Yaponiya) va “Kyuden International Corporation” (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi g‘olib bo‘lgan edi.
Maʼlumot uchun: 2022-yil 20-noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 220 MVt quvvatli yangi IES ishga tushirildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida 1500 MVt quvvatli zamonaviy IES ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Manba: https://t.me/minenergy_uz/6896
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati