Yangiliklar
«TOSHKENT SHAHAR MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALIDA DEZINFEKSIYA ISHLARI OLIB BORILMOQDA
  • 01.04.2020
  • 997

   Bugungi kunda «COVID–19» (koronavirus) yuqumli kasalligining oldini olish borasida Respublikamizda, xususan poytaxtimizda ham profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda, karantin rejimlari kuchaytirilmoqda.

«Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-sonli «Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash hamda tashkilot xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining buyrug‘iga asosan Jamiyatning markaziy boshqaruv apparati hamda barcha hududiy tashkilotlarida tegishli tartiblar joriy etildi.

  Misol uchun, «O‘zbekiston MET» AJ tarkibidagi «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filialida ham «COVID–19» (koronavirus) yuqumli kasalligi profilaktikasi va uning tarqalishini oldini olish maqsadida maxsus ishchi komissiya tuzilib, tegishli topshiriqlar bajarib kelinmoqda.

  Albatta, ushbu tadbirlar filial ishchi-xodimlarning sog‘ligini saqlash, iste'molchilarini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlashga qaratilgan bo‘lib, ishchi komissiyaga filial direktori A.G‘.Rasulov boshchilik qilmoqda. Komissiya a'zolari ishtirokida filial tasarrufidagi barcha podstansiyalar, «Uchqun» sport-sog‘lomlashtirish maskani, ma'muriy binolar hamda avtogarajda profilaktika dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

  O‘zingizga ma'lumki, mamlakatimizda e'lon qilingan yuqumli kasallik davrida ommaviy tadbirlar bekor qilinib, barcha xizmat ko‘rsatish shaxobchalari yopildi, avtotransport qatnovlariga cheklovlar e'lon qilindi va aholiga ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilmoqda. Bunday paytlarda elektr energiyasi ta'minotida uzluksiz ravishda amalga oshirilishi har qachongidan ham muhim hisoblanadi. Shu jihatdan energetiklarning barcha karantin qoidalariga amal qilgan holda asosiy ish faoliyati bilan shug‘ullanishlari o‘ta muhim vazifaga aylangan.

  Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, erta tongdan Jamiyat tasarrufidagi barcha avtotransportlar kabi asosan Toshkent shahri va uning chegaradosh hududlariga xizmat ko‘rsatadigan mazkur filial avtotransportlari ham hududiy sanitariya-epidemiologiya markazlari mutaxassislari tomonidan dezinfeksiya qilinib, so‘ng xizmat yo‘nalishiga safarbar etilmoqda. Energetiklar aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun joriy tartibga ko‘ra kecha-yu kunduz navbatchilik bilan o‘z xizmat vazifalarini ado etib kelmoqda.

  Boymurod Sadatov, «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali Axborot ta'minoti guruhi yetakchi muhandisi, Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a'zosi

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>