Yangiliklar
AJDOD TILI, AVLOD TILI — DAVLAT TILI!
  • 01.04.2020
  • 3064

  1989-yil 21-oktabr...

  Ushbu sana, shubhasiz, mamlakatimiz o‘tmishidagi eng qutlug‘ sanalardan biri. Zero bu kunda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinib, mustabid tuzum hukmronligi davridayoq xalqimizning o‘ziga xos jasorati timsoliga aylangan edi. Va shuni alohida e’tirof etish lozimki, bu hujjat o‘z vaqtida xalqimizning Istiqlolga bo‘lgan umid-ishonchini, milliy g‘urur tuyg‘usini kuchaytirdi, Mustaqilligimizning o‘ziga xos poydevori vazifasini bajardi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

  Mutaxassislarning fikricha, jahon ahli bugungi kunda 7000 dan ziyod tilda gaplashar va, buni qarangki, ularning faqatgina 200 ga yaqinida davlat tili yoki rasmiy til maqomi mavjud ekan. O‘tmishda 9000 dan ortiq til mutloq yo‘qolib ketganligi ham asoslantiriladi. Biror bir tilning yashab qolishini ta’minlash uchun undan kamida 1 million kishi faol foydalanishi kerak, deydi soha o‘rganuvchilari.

  Mubolag‘a qilmayotgan bo‘lsam, bugungi kunda Yer yuzida 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu raqamlar Ona tilimizning umrboqiyligini mustahkam belgilab turuvchi omillardan so‘zlaydi, albatta.

  Xalqimizda «oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q» degan ibora bor. Buni men bejizga keltirmayapman va u aynan biz O‘zbekistondagi millatdoshlarga qarata aytilgan achchiq so‘zday tuyulaveradi. Nimaga deysizmi, chunki biz dunyolarga dars bergan buyuk ajdodlarimizning mutloq merosxo‘ri bo‘la turib, ya’nikim, O‘zbekiston atalmish obod diyorda farovon hayot kechirib, yurt tuprog‘i sog‘inchi, tildoshlar va eldoshlar sog‘inchi nima ekanligini his qilmagan holda umrguzaronlik qilib kelmoqdamiz. Endi tasavvurga ham bir erk berib ko‘ring: qanchadan-qancha o‘zbeklar ayni paytda yer yuzining turli nuqtalaridagi boshqa mamlakatlarda muhojirlikda, boshqa tuzum, boshqacha tutumda hayot kechirib kelishmoqda. Ammo ularning aynan o‘z tiliga bo‘lgan ehtiromi bizni uyaltirib qo‘yadigan darajada butunlay o‘zgacha. Men taqdir taqozosi bilan AQSHda yashab qolgan bir o‘zbek oilasi misolida mana shu so‘zlarni aytgim keladi.

  Uzoqqa bormaylik, yonginamizdagi afg‘onistonlik o‘zbeklarning ona tilimizga yuksak e’tiborini kuzatib, xijolat tortib ketasan, kishi.

 

  Bosh Qomusimizning 4-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir», deb belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, hech bir tildan kam bo‘lmagan go‘zal Ona tilimiz o‘z zabonimizga to‘laqonli qaytarib berilganiga va erkimiz quyoshi boshimizda porlab turganiga ham nari-berisi bilan 30 yil to‘ldi. Ammo bu davr o‘zni tanib olmoq uchun aslo kamlik qilmaydi!

  To‘g‘ri, bu yo‘sinda ulkan evrilishlar sodir bo‘lgani va bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Xususan, buyuk ajdodlarimiz ruhi oldida yuzimiz ancha yorug‘landi. Ulardan qolgan bemisl meroslar o‘rganilyapti, tadqiq etilyapti.

  Biroq o‘zlik yo‘lidagi barcha ezgu ishlarning avvali Ona Tilimizga ehtiromdan va o‘rnatilajak munosib munosabatdan boshlanmog‘i lozim, shunday emasmi?!

  Shu kecha-kunduzda taniqli adib va publitsist Xayriddin Sultonning «Haqiqat jamoli» nomli yangi kitobi mutolaasidaman. Mazkur kitob muallifning qirq yillik ijodiy faoliyati davomida yozilgan maqola, badia va suhbatlaridan saralab olingan bitiklardan tarkib topgan ekan. Dastlab kitobni «bugungi kun ruhidan ancha olis bo‘lsa kerak» degan xayolda qo‘limga oldim. Zum o‘tmay, fikrim o‘zgardi. Kuyunchaklik kayfiyatidagi har bir maqola va suhbat bir-birini davom ettirib borardi go‘yo.

  O‘y-xayolimda esa siz o‘qib turgan maqolani yozish fikri turardi. Ustoz ijodkorning 1989-yil fevral oyida (davriga e’tibor bering!) «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasida chop qilingan «Hayot daraxti» maqolasini o‘qiy turib, dong qotdim. Hayronligim sababini so‘ramasligingiz uchun maqoladan parchalar keltiraman:

«...Hozir respublikamizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini (statusi) berish haqida har turli fikrlar munozara qilinmoqda. Nazarimda, bunga qarshilik bildirayotganlarning aksariyati o‘z ona tilini bilmaydigan, qandaydir sabablarga ko‘ra bu tilda og‘zaki va yozma fikrini ravon bayon qilolmaydigan kishilardir. Chingiz Aytmatov bunaqa kimsalarni «milliy nigilistlar» deb atagan edi. Bunday kishilar hozirgi kunda kattagina bir qatlamni tashkil etadi... Bu toifa kishilar ayniqsa boshqaruv idoralarida, o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi mansabdor shaxslar orasida ko‘plab uchraydi. Tarixiy ildizlaridan uzilgan, ona tiliga, milliy o‘ziga xoslikka bepisand munosabat bilan umri o‘tayotgan bu odamlar shafqatga sazovor, qayta tarbiyaga muhtojdirlar...»
 «...Shoir Erkin Vohidovning guvohlik berishicha, Alisher Navoiy yubileyida yolg‘iz bir kishi o‘zbek tilida gapirgan, u ham bo‘lsa leningradlik olim va tarjimon Sergey Ivanov bo‘lgan ekan...»
 «...Milliy tilga bunday munosabat milliy madaniyatga ham bepisand munosabatni vujudga keltirdi. Umumiy loqaydlik matbuot tiliga, badiiy tilga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Yurak kuchi bilan emas, bilak kuchi bilan yozilgan talay semiz kitoblar tilimiz qabristoniga aylandi...»
«...Til masalasi — jiddiy masala. Demak, uni chinakam ma’ruf kishilarga xos aql-zakovat va yangicha tafakkur bilan hal etish lozim...»
«...O‘ylaymanki, respublikamizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishiga O‘zbekistondagi qalban internatsionalist bo‘lgan barcha kishilar xayrixoh bo‘ladilar...»

  Ushbu so‘zlarni o‘qirkanman, yaqindagina O‘zbekistonda ikki tillilikni yoqlab chiqqan «bir guruh ziyolilarning alahsiragani» va bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keskin qoralanib, uzoq muhokamalarga sabab bo‘lgani ko‘z oldimdan o‘tdi. Xo‘sh, endi ayting-chi, bu maqola qaysi davrga tegishli: kechaning gapimi yoki bo‘lmasa bugungi kunimiz og‘riqlarimi?..

  Eng alam qiladigani va hayron qoldiradigani — 32 yil oldin aytilgan gapning bugungi kunimizga ham mos tushib turganligidir.

  Agar turli davr egalarining fikrlaridan misol keltirishda davom etsak, yuragimiz achishadi. Ma’rifat fidoiysi Abdulla Avloniyning «Hifzi lison» maqolasida mana shunday o‘tli so‘zlar qayd etilgan:

«Milliy tilni yo‘qotmak — millatning ruhini yo‘qotmakdir. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmaqdadurmiz... Yo-hu! Bizga na bo‘ldi? Bobolarimiz yo‘lidan chiqib ketduk!»

  O‘zbek azaldan bolajon xalq. Har birimiz farzandlarimizning buyuk ajdodlarimiz singari olamga mashhur insonlar bo‘lib yetishmog‘ini chin yurakdan istaymiz. Ularning yorqin kelajagi yo‘lida har qanday mushkulotlarga ko‘ksimizni tutamiz. Biroq bugungi kunda jondan aziz farzandining boshqa tilli maktablarda tahsil olishini istayotganlar ham kam emas ekan. Olamshumul maqsadlar yo‘lidagi bu urinishlar balki ma’lum ma’noda o‘zini oqlar, ammo o‘z ona tilini qoyillatib o‘rganmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, so‘zlarimiz sehrini his qilmagan, o‘zaro aytib turgan gapining teng yarmini esa boshqa tildagi «olifta so‘zlar» egallagan yoshlarning yutuqlari bizning milliy ravnaqimizga ulush bo‘lib qo‘shila olarmikan?!

  Ma’rifatparvar alloma va o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is’hoqxon Ibratning ushbu so‘zlariga e’tibor qarataylik: «Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir».

  Xayriyatki, diqqatimiz markazidan ancha olislab ketgan o‘z ona tilimizga munosabat masalasi bugun yana kun tartibiga ko‘tarildi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbuskorligi ostida o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborimiz yanada jonlanmoqda. 2019-yilning 21-oktabr kuni ziyolilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan katta anjumanda davlatimiz rahbari tilimizning mavqeyi haqida: «Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir» deya ta’kidladilar. Va aynan ushbu tadbirda «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqyeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekkanini aytganida barcha qatnashchilar bu so‘zlarni ulkan ko‘tarinkilik bilan qarshi olishdi.

  Muhtaram Prezidentimiz qayerda va qay mavzuda ma’ruza qilmasinlar, yurt kelajagi bo‘lmish yoshlar masalasini bot-bot ilgari suradilar va mana shu yo‘sindagi so‘zlarini keltirib o‘tadilar:

«...Yosh avlod qalbida ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida ta’limning barcha bosqichlarida o‘zbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal o‘rgatishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz o‘zbek tilida ravon o‘qiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin».

  Ushbu da’vatlar har bir vatandoshimizni hushyor torttirmog‘i hamda farzandlar kamoli yo‘lidagi ulkan ishlarga otlantirmog‘i lozim.

  «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra, 21-oktyabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid ko‘plab masalalar qatorida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha alohida tuzilma tashkil etildi. Yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasi o‘z ishini boshlamoqda. Yaqin kelajakda «Davlat tili haqida»gi qonun bugungi kun talablari nuqtai nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilinib, yanada takomillashtirish ishlari ham ko‘zda tutilgan.

  Birgina shu emas, albatta. Joriy yilning 20-yanvar kuni boshlangan xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

  Bu kabi sa’y-harakatlarning barchasida avvalo xalq fikri eng asosiy mezon sifatida qaralib, barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy qarorlar yurtdoshlarimiz bilan bamaslahat qabul qilinayotgani fuqarolarda ijtimoiy faollik hissini kuchaytirmoqda. Ko‘pgina dolzarb masalalar qatori, davralarda davlat tili, milliy g‘urur, oriyat, tarix va qadriyatlar haqidagi qizg‘in bahs-munozaralarga barchamiz shohid bo‘lib turibmiz.

  Bu kabi bahslarda har xil fikrlar ham quloqqa chalinadi, albatta.

  «Bizning dunyoga chiqishimiz uchun ilg‘or tillarning ko‘magi zarur. Shu maqsadda... va hokazo, va hokazo.»

  Yo‘q! Biz ham siz o‘ylaganday maqsadlarni katta olganmiz va nasib etsa, ularga albatta erishamiz! Ammo bu boradagi birgina shart xayolimizdan ko‘tarilib qolmasa bo‘lgani: boshqa tillarga mehr-u ixlosimizni balandlatishda davom etaveraylik, lekin bu ishimiz o‘z ona tilimizning kamsitilishi evaziga bo‘lmasin, birodar!

  Barcha bilishi lozim bo‘lgan jihat shuki, Ona tili shunchaki so‘zlashuv vositasi emas, balki Vatanga muhabbat, milliy iftixor, ajdodlarga hurmat va shuning barobarida avlodlarimizga izzat ramzi hamdir. O‘z tilini asrab-avaylagan xalq o‘zligini ham asrab-avaylagan bo‘ladi.

Orif To‘xtashev, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining ma’naviyat va ma’rifat masalalar bo‘yicha maslahatchisi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>