Yangiliklar
NAVRO‘Z — KO‘HNA QADRIYATLAR TAROVATI
  • 20.03.2020
  • 1271

Assalomu alaykum, aziz do‘stlar, hurmatli hamkasblar!

Barchangizga bahor bayrami — Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!

Yurtimizga kun sayin bahor faslining tarovati yoyilib, tabiat uyg‘onmoqda. Ko‘klam havosidan qalblarga iliqlik yugurmoqda, yangilanish, yasharish fasli boshlandi. Tun bilan kun tenglashadigan sharqona yangi yil — Navro‘z ayyomi munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni, energetika sohasi vakillarini, xususan Aksiyadorlik jamiyatimizning ko‘psonli ishchi-xodimlarini, qolaversa sohamiz faxriylarini samimiy muborakbod etaman!

Qadrli do‘stlar!

Shu kunlarda yurtimizning barcha go‘shalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonchilik, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘rib ko‘z quvonadi. Azal-azaldan bahor va Navro‘z sharofati tufayli tashkil etiladigan hasharlar va boshqa xayrli tadbirlarda keksa-yu yosh faollik bilan ishtirok etadi.

2020-yil 14–15-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi 136-F-sonli farmoyishiga muvofiq o‘tkazilgan umumxalq hasharida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining o‘nlab hududiy filiallari, tarkibiy tuzilma va podstansiyalarida mehnat faoliyati yuritayotgan ikki mingdan ziyod ishchi-xizmatchilar faol ishtirok etishdi. Bir necha ming mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari, ko‘p yillik gul qalamchalari va gullar ekildi. Ariqlar, zovurlar tozalandi, ohak va bo‘yoq surtildi, bir so‘z bilan aytganda tasarrufimizdagi barcha podstansiyalar, hududiy filiallar binosi va ijtimoiy soha obyektlari inshootlarida obodonlashtirish ishlari olib borildi. 

Aziz hamkasblar!

Ma'lumki, bayramlar va turli shonli sanalarda o‘ziga xos rag‘batlantirish ishlarini olib borish xalqimizning azaliy odatlaridan biridir. Shu ma'noda aytadigan bo‘lsak, Jamiyatimizning ahil jamoasi bahor ayyomi — Navro‘zi olamni yorug‘ yuz, ko‘tarinki kayfiyat bilan kutib olmoqda. Aksiyadorlik jamiyatimizda 2020-yilgi rejalar sharaf bilan bajarish asnosida bundan oldinroq amalga oshirilgan bir necha investitsion loyihalarimiz elektr energiyasi ta'minotining sifati va ishonchliligida o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Yuqoridagilarni hisobga olib, Jamiyatimizning barcha a'zolarini Navro‘z — umumxalq bayrami munosabati bilan moddiy rag‘batlantirishga qaror qildik. 

Bundan tashqari, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida «Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» davlat dasturini bajarish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligi alohida e'tirofga sazovor.

O‘zingizga ma'lum, ayni paytda dunyo xalqlari, xususan O‘zbekiston xalqi ham ma'lum muddat davom etishi aytilayotgan sinovlar oldida turibdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 18-mart kuni koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatidan xabardorsiz. Bundan oldinroq, Prezident topshirig‘iga binoan,  O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov koronavirus infeksiyasining aholi o‘rtasida keng tarqalib ketishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa tadbirlar o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatilishi haqida topshiriq berilgandi. Energetika vazirligi tomonidan ham bu borada alohida ko‘rsatmalar taqdim etildi. Shu bois, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ommaviy tadbirlar vaqtincha bekor qilinib, majlislar soni keskin qisqartirildi, filial va tarkibiy tuzilmalardagi rahbar xodimlar bilan ish jarayonini masofadan turib — videomuloqot tarzida o‘tkazmoqdamiz.

Ishonchimiz komilki, yuqumli kasallikning oldini olishga qaratilgan karantin bilan bog‘liq vaziyat tez orada o‘z yechimini topib, ahil va hamjihat xalqimizning samarali hamda batartib ish faoliyati tufayli izga tushadi.

Yana bir bor barchangizni Navro‘z — umumxalq bayrami bilan qutlayman. Bahor bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz hamkasblar!

 

Dadajon Isaqulov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi

>