Yangiliklar
«O‘zbekiston MET» AJda kasaba uyushma tashkilotlarining video-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
  • 20.03.2020
  • 719

  Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 18-mart kuni koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha O‘zbekiston xalqiga murojaat qildi. Bundan oldinroq, Prezident topshirig‘iga binoan,  O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov koronavirus infeksiyasining aholi o‘rtasida keng tarqalib ketishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa tadbirlar o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatilishi haqida ko‘rsatma berilgandi.

  Shu bois, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.A.Isaqulovning topshirig‘iga binoan majlislar soni va unda ishtirok etuvchilar soni keskin qisqartirilib, filial va tarkibiy tuzilmalardagi rahbar kadrlar bilan ish jarayoni masofadan turib — videomuloqot tarzida o‘tkazilmoqda.

  Kecha, 2020-yil 19-mart kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va kasaba uyushma tashkilotlarining video-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Video-konferensiya kun tartibida 4 ta masala ko‘rib chiqildi:

  1. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasining 2019-yilda bajarilish natijalari;
  2. Jamoa shartnomasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish;
  3.  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2019-yil sentabrdan 2020-yil mart oyigacha olib borgan faoliyatining axboroti;
  4. O‘zbekiston energetika xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining hisobot-saylov Qurultoyiga delegatlar saylash.       

  Video-konferensiyada ish beruvchi tomonidan «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosarlari X.B.Elmurodov hamda S.S.Artikovlar ishtirok etishdi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2020-yil 6-yanvardagi 33-sonli “Hisobot yig‘ilishlarini o‘tkazish haqida”gi qaroriga asosan joriy yil fevral oyida Jamiyat tasarrufidagi barcha filiallar va tarkibiy bo‘linmalarda hisobot yig‘ilishlari o‘tkazilib, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining konferensiyasiga vakillik me'yorlariga asosan 44 nafar delegatlar saylangan edi.

  Video-konferensiyada 44 nafar saylangan delegatlardan 42 nafari ishtirok etdi. 2 nafari uzrli sabablarga ko‘ra ishtirok etishmadi.         

  Video-konferensiyaga «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosarlari X.Elmurodov raislik qildi.

  Video-konferensiya kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar ko‘rib chiqildi:  

  1. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasining 2019-yilda bajarilishini tekshirib boruvchi komissiyaning dalolatnomasi o‘qib eshittirildi. Aksiyadorlik jamiyati Jamoa shartnomasining 2019-yilda bajarilishi qoniqarli deb topildi;
  2. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda O‘zbekiston energetika xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2020-yil 18-martdagi “Tarmoq (Tarif) Kelishuviga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi 90/19-23“s”-sonli buyruq-qaroriga asosan Jamoa shartnomasiga  o‘zgartirishlar kiritildi;
  3. Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi N.J.Xidirova «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasining 2019-yil sentabrdan 2020-yil mart oyigacha olib borgan faoliyati haqida axborot berdi;
  4. O‘zbekiston energetika xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining hisobot-saylov Qurultoyiga vakillik meyorlariga asosan 6 nafar delegatlar saylandi.

  Efirda ishtirok etgan barcha delegatlar ko‘rilgan masalalarga o‘z fikrlarini bildirishdi. Jamoa shartnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga rozi yoki qarshi ekanlari haqida ovozga qo‘yildi va barcha delegatlar bir ovozdan rozi ekanliklarini aytishdi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>