Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisidagi nutqi
  • 17.09.2022
  • 425

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida chin dildan qutlayman.

Qadimiy va mehmondo‘st Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlarini, faxriy mehmonlarimiz va xalqaro tashkilotlar vakillarini shaxsan qabul qilish sharafiga muyassar bo‘lganimdan mamnunman.

Buyuk ipak yo‘lining qoq yuragida joylashgan bu muazzam shahar ming yillar davomida millatlararo muloqot, o‘zaro madaniy va ma’naviy hamkorlik, savdo va ilmiy almashinuvlar markazi sifatida xizmat qilib kelgan.

Bugungi kunda pandemiya va dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, Samarqand yana bir bor Yevroosiyoning ulkan makoni yetakchilarini birlashtirgani, xalqaro siyosat va iqtisodiyot markaziga aylangani quvonarlidir.

Men anjumanimizda birinchi marotaba ishtirok etayotgan davlat rahbarlari – Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri janob Shahboz Sharif, Turkiya Respublikasi Prezidenti janob Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti janob Sardor Berdimuhamedovni samimiy qutlayman.

O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Biz SHHTga raislik davrimizda Tashkilotimiz doirasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, uning salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga intildik.

Xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga ustuvor e’tibor qaratildi.

Tashkilot faoliyatining barcha sohalarida ko‘plab tashabbuslar amalga oshirildi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, Raislik rejasini birgalikda to‘liq amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. 80 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlarimiz bugun qabul qilingan 40 dan ortiq hujjatda o‘z ifodasini topgan.

SHHTning barcha davlatlari, shuningdek, Tashkilot Kotibiyati va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasiga raisligimizga faol yordam bergani uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko‘plab tahdidlar kuchaydi.

Iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamonamiz muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

O‘zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko‘proq talab etilmoqda.

Tashkilotimiz faoliyati shunday muloqotni amalga oshirish mumkinligini dunyoga namoyon etmoqda.

SHHT ochiqlik va bloklarga qo‘shilmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqligi tufayli ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni muvaffaqiyatli tarzda chuqurlashtirmoqda. SHHT tarkibi kengayib, sheriklik munosabatlarimiz rivojlanib bormoqda.

Bugun Eron Islom Respublikasining Tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanmoqda. Ushbu tarixiy voqea bilan Eron Prezidenti janob Ibrohim Raisiyni va barcha hamkasblarimizni chin qalbimdan tabriklayman.

Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishini mamnuniyat bilan qabul qilamiz.

Bundan tashqari, biz Belarus Respublikasiga SHHTning to‘laqonli a’zosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt Davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga – muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish bo‘yicha protseduralarni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilmoqdamiz.

SHHTning geografik qamrovi kengayayotgani o‘z misolida samaradorlik, o‘zaro bir-birini tushunish va amaliy sa’y-harakatlarni namoyish etayotgan Tashkilotimiz faoliyatining dolzarbligini yana bir tasdiqlamoqda.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

SHHT o‘z taraqqiyotining yangi, yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Zimmamizda hamkorlikning ko‘plab ustuvor vazifalarini birgalikda hal etish mas’uliyati turibdi.

Bizning fikrimizcha, avvalambor, Tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini va uning ochiqligini saqlab qolish muhimdir.

Biz xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga qat’iy rioya qilamiz. SHHTning faoliyati keng hamkorlikka yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Markaziy Osiyo SHHTning "geografik yadrosi" maqomini saqlab qolishi kerakligiga ham ishonchimiz komil.

“Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. Biz faqat shu yo‘l bilangina SHHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashimiz mumkin.

Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, SHHTni 2040 yilgacha rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga kirishishimiz mumkin, deb hisoblayman. Ushbu dasturulamal hujjat ko‘p qirrali hamkorligimizning barcha yo‘nalishlarini qamrab olishi, SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi lozim.

Avvalo, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish g‘oyat muhimdir.  Bu masala mintaqada barqarorlikni ta’minlash va mamlakatlarimiz aholisi farovonligini oshirishning asosiy shartlaridan biridir.

Ko‘rinib turibdiki, ko‘proq iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning ishonchli modellaridan foydalanish zarur. SHHT mamlakatlari o‘rtasida qisqaroq “ta’minot tayanchi”ga ega ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish uchun amaliy harakatlarga o‘tish o‘ta muhimdir.

Biz SHHT mamlakatlari iqtisodiyotlarining bir-birini o‘zaro to‘ldirib borishdagi afzalliklarini hisobga olgan holda, mavjud salohiyatni maksimal darajada oshirishdan manfaatdormiz. Shu munosabat bilan SHHTning yangi iqtisodiy muloqotini boshlash asosida sanoat va texnologik hamkorlikning umumiy makonini shakllantirishni taklif etamiz.

Uning asosiy vazifasi savdo va bojxona to‘siqlarini bartaraf etishga, kafolatlangan va barqaror ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarini shakllantirish, mahalliylashtirish va import o‘rnini bosishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, bu vazifa o‘zaro sarmoyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish, ularni birinchi navbatda, infratuzilmani rivojlantirish, raqobatbardosh sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasiga yo‘naltirish orqali biz yaratgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning barcha mexanizmlarini birlashtirish va faollashtirishdan iborat bo‘ladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash va amaliy hamjihatlikning aniq natijalariga erishish maqsadida O‘zbekistonda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazishni taklif etamiz.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni rag‘batlantirish maqsadida SHHT mamlakatlari maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdorimiz. Biz kelgusi yilda Samarqandda “O‘zbekiston–SHHT” sanoat zonasi bazasida maxsus zonalar administratsiyalari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazishga tayyormiz.

Yana bir chora-tadbir sifatida har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazishni, uning asosida yagona elektron platforma yaratishni taklif etamiz.

Biz qabul qilayotgan Mintaqalararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi ham bunga yordam beradi.

Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Shuni tan olish kerakki, mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari, eksport va import qiluvchilari bo‘lishiga qaramasdan, SHHT doirasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha hali jiddiy hamjihatlikni yo‘lga qo‘ya olmadik.

Davlatlarimiz salohiyati ichki bozorlarni boshoqli ekinlar, chorvachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, asosiy oziq-ovqat turlari hamda zarur o‘g‘itlar bilan muntazam ta’minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, biz ushbu muammoni global darajada hal qilishga hissa qo‘shishimiz kerak.

Shu munosabat bilan Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz. Ushbu hujjatda mavjud normativ-huquqiy bazani yaqinlashtirish, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va yangiliklarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutish muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlariga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro ta’minotning muvofiqlashtirilgan sxemalarini shakllantirishga, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, "yashil" va ekspress-yo‘laklarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratish lozim.

Ushbu hayotiy masalalarni keng muhokama qilish maqsadida kelgusi yili Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bugun biz SHHTning O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va samarali transport yo‘laklarini yaratish konseptsiyasini qabul qilmoqdamiz.

Konseptsiyaning asosiy qoidalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘llab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

Shuningdek, sammit doirasida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama bitimning imzolanishini ham tarixiy voqea, deb hisoblaymiz.

Sizlarni strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – Termiz–Mozori Sharif-Kobul–Peshovar temir yo‘li koridori qurilishini ham qo‘llab–quvvatlashga chaqiramiz.

Ushbu ikki loyihaning amalga oshirilishi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish, umuman olganda, Tashkilotimiz makonida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Transport va kommunikatsiyalar sohasidagi barcha istiqbolli loyihalarni biz kelgusi yili O‘zbekistonda SHHT birinchi transport forumi doirasida muhokama qilishimiz mumkin bo‘lur edi.

Kun tartibidagi ekologik muammolar alohida dolzarblik kasb etmoqda.

Bugun Iqlim o‘zgarishiga munosabat bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilish orqali SHHT ushbu xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda birdamlikni namoyon etmoqda.

Shu bilan birga, barchamiz uchun hayotiy o‘ta muhim bo‘lgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllari zarurdir.

Biz o‘z tarkibida siyosatchilarimiz, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarimizni birlashtira oladigan SHHT Iqlim kengashini tuzishni taklif qilamiz.

Bunday format iqlimga moslashish loyihalarini ilgari surish, cho‘llanishga va tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi hamkorlik samaradorligini oshirishga imkon beradi.

Bu masala Orol dengizi ekologik fojeasining halokatli oqibatlarini bartaraf etish nuqtai nazaridan alohida dolzarb ahamiyatga ega.

Xavfsizlik sohasidagi samarali hamkorlik SHHT rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Yangi reallik sharoitida mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni mustahkamlash dolzarb masala hisoblanadi.

SHHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samaradorligini oshirish, jumladan, xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlardan ogohlantirish va  ularga tezkorlikda munosabat bildirishga oid shartnomalarimiz asosida ushbu tuzilmaning faoliyatini takomillashtirishning allaqachon mavridi kelgan.

Mamlakatlarimizdagi vaziyatni baholash va bugungi voqelikni hisobga olgan holda majmuaviy qarorlar qabul qilish uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yig‘ilishlari amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Radikalizmning o‘sib borishi xavfli tendensiyaga aylanmoqda. Yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Shuningdek, ko‘p jihatdan allaqachon zamonaviy hayotni belgilayotgan xavfsiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratishni istar edim.

Faqat kuchlarni birlashtirish orqali, bir paytning o‘zida, axborot makonidagi tahdidlarni kamaytira borgan taqdirdagina biz raqamlashtirish afzalliklaridan to‘la foydalana olishimiz mumkin.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish vazifasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish SHHTning eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolishi lozim.

Ushbu masalada yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent konferensiyasini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun hamkasblarimga alohida minnatdorlik bildirishni istar edim.

Mazkur anjumanda afg‘on delegatsiyasi, ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlarning, jumladan, SHHT vakillarining ishtiroki jahon hamjamiyatining ushbu mamlakat bilan hamkorlik bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarini ishlab chiqishga bo‘lgan  intilishini tasdiqlaydi.

Shuni ta’kidlashni istardimki, afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamimizga har qachongidan ham ko‘proq muhtojdir. Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afg‘onistonni uning muammolari bilan yolg‘iz qoldirmasligimiz lozim.

Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afg‘onistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun platsdarmga aylantiradi.

Shu bois biz Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi bo‘yicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz.

Bundan tashqari, Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni bizning mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida – u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda ta’sis etishni taklif qilamiz.

Fond mablag‘lari ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosini shakllantiradi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunish SHHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklikning garovidir.

Bugun qabul qilinayotgan Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha kompleks reja aynan shu maqsadlarga qaratilgan.

Madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda, Tashkilotimiz millionlab odamlarga madaniyatlararo muloqot va o‘zaro almashuvning yangi  imkoniyatlari eshiklarini ochib beradi.

SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shimcha formatlarni ta’sis etish zarur, deb hisoblayman.

Shuni qayd etishni istardimki, zamonaviy texnologiyalar bizga madaniyatlararo muloqotning raqamli platformalarini ishga tushirish imkonini beradi.

Bu - virtual muzeylar va ijodiy ko‘rgazmalar, ilmiy videokonferensiyalar bo‘lib, ular aholi, jumladan, yoshlarni bunday loyihalarga faol jalb qilish orqali xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga ko‘maklashadi.

O‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish, sayyohlik sohasida qo‘shma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish ham shu maqsadga yo‘naltiriladi.

Ushbu ustuvor yo‘nalishdagi hamkorligimizni faollashtirish uchun kelgusi yilni "SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili" deb e’lon qilishni taklif etaman.

Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim birgalikdagi ishlarimiz uchun zarur huquqiy zamin yaratadi.

Qadrli do‘stlar!

Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelgan. Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotning o‘ziga xos madaniyati yaralgan.

Samarqand – biz SHHTni tuzishda asos qilib olgan bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir.

Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli bo‘lgan bunday muloqot favqulodda zarurdir.

Shu bois bugun O‘zbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etishdan mamnundir.

Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, "Samarqand ruhi" tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

Uning amaliy ijrosiga doir masalalarni siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida kelgusi yili Samarqand xalqaro forumida birgalikda ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Biz tez fursatlarda barcha sheriklarimizga taqdim etadigan sermazmun Harakatlar dasturi forum ishining asosi bo‘ladi. Sizlarning keng qo‘llab-quvvatlashingizga va tashabbusimizni targ‘ib qilishdagi ishtirokingizga umid qilaman.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

So‘zimning yakunida O‘zbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol ko‘maklashganingiz uchun barchangizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yo‘lida mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/5542

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>