Yangiliklar
«TURKMENENERGO» DAVLAT ELEKTR ENERGETIKA KORPORATSIYASINING O‘ZBEKISTONGA EKSPORT AMALIYOTI TO‘LIQ HAJMDA TIKLANDI
  • 21.02.2020
  • 1154

     Avval xabar berganimizdek, bugun, 2020-yil 21-fevral kuni soat 6:45da Turkmaniston energetika tizimiga tegishli  «Mari issiqlik stansiyasi» va «Serdar» podstansiyalari oralig‘idagi 500 kVli L-511 havo tarmog‘i favqulotda o‘chishi oqibatida Turkmanistondan yetkazib berilayotgan elektr energiyasi 780 MVtdan 60 MVtgacha kamaygan edi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston energetika tizimida 600 MVt quvvat darajasida cheklovlar kiritilishiga sabab bo‘lgan edi.

     Bugun, soat 16:20da Turkmanistonning «Mari issiqlik stansiyasi» va «Serdar» podstansiyalari oralig‘idagi 500 kVli L-511 havo tarmog‘ida sodir bo‘lgan nosozlik turkmanistonlik energetiklar tomonidan bartaraf etilib, O‘zbekistonga elektr energiyasi importi to‘liq hajmda tiklandi. Ayni paytda elektr ta'minotidan vaqtincha uzilgan iste'molchilarni tarmoqqa qayta ulash ishlari amalga oshirilmoqda.

     Turli nosozliklar tufayli elektr ta'minotida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qisqa muddatli uzilishlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddi xodimlari tomonidan bartaraf etilib (qisqa raqami: 1154), mavjud yoqilg‘i zaxirasiga muvofiq elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, «O‘zbekgidroenergiya» AJ stansiyalari ham to‘liq quvvatda faoliyat yuritmoqda.

     Ma'lumot o‘rnida: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati 2019-yilning 1-dekabr sanasidan buyon «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasidan elektr energiyasi importi amaliyotini amalga oshirib kelmoqda.

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>