O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 19750-xh-sonli topshirig‘i — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2019-yil 23-avgust kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 8-bandiga muvofiq «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ ma’muriyati Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 4-sonli umumta’lim maktabini o‘z otalig‘iga olgan edi.
Bugun, 30 sentabr kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati xodimlari ushbu maktabdagi «1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etishdi.
Maktab hovlisida o‘quvchilar va o‘qituvchi-murabbiylar ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida Jamiyat boshqaruv raisi Dadajon Isaqulov so‘zga chiqib, tadbirga taklif etgani uchun ta’lim muassasasi ma’muriyatiga minnatdorlik bildirar ekan barcha pedagog-o‘quvchilarni energetiklar nomidan tabrikladi. Bayram tadbirida «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan, Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi qaroriga binoan, Bo‘ka tumanidagi 4-maktab jamoasiga homiylik sovg‘alarini topshirildi. Energetiklar ta’lim muassasasiga 55 nomdagi badiiy kitoblar, 100 dona LB-40 rusumli lampalar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun musiqa markazi (ovoz kuchaytirgich) uskunasini taqdim etdilar.
Tadbirda Jamiyat boshqaruv raisi D.Isaqulov, Ijro intizomini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i H.Shamsiyev, Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi N.Xidirova va matbuot kotibi U.Urunovlar ishtirok etishdi.
Bayram tadbirida ustozlarga ehtirom, ularning jamiyat va mamlakat ravnaqidagi o‘rni turli sahna ko‘rinishlari, she’r va kuy-qo‘shiqlar ifodasida tarannum etildi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati
Manba: facebook